“Transparency International” xalqaro tashkiloti dunyoda korrupsiya bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha 2024-yil uchun hisobotini e’lon qildi.

Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari korrupsiyani sezish eng qiyin bo‘lgan mintaqalar qatorida qolmoqda. Qonun ustuvorligining yo‘qligi, avtoritarizm va tizimli korrupsiyaning kuchayishi fonida mintaqada o‘rtacha ball 35 ballni tashkil etib, 2023-yil darajasida saqlanib qoldi.

Peshqadamlar guruhiga an’anaviy tarzda Gruziya (53), Armaniston (47) va Chernogoriya (46) kirdi. O‘z navbatida, Ozarbayjon (22), Tojikiston (19) va Turkmaniston (17) eng past ko‘rsatkichni qayd etgan.

O‘zbekiston 33 ball bilan 180ta davlat orasida 121-o‘rinni saqlab qolib, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Rossiya, Tojikiston va Turkmaniston kabi ko‘plab MDH davlatlaridan oldinda bormoqda.

Bir yil ichida mamlakatning bahosi 1 ballga pasaydi — bu ko‘rsatkich kamida 2012-yildan buyon birinchi marta yomonlashdi. Natijada, O‘zbekiston so‘nggi o‘n yil davomida korrupsiyani sezish ko‘rsatkichini yaxshilash sur’atlari bo‘yicha jahon (ammo mintaqaviy emas) yetakchilari ro‘yxatidan chiqib qoldi.

Daniya 90 ball bilan birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Finlyandiya (88) va Yangi Zelandiya (84) kuchli uchlikni yakunlab berdi.

Keyingi o‘rinlarda Yangi Zelandiya (83), Lyuksemburg, Norvegiya va Shveysariya (har biri 81) turibdi. Eng yomon ko‘rsatkichlar Janubiy Sudan (8), Somali (9) va Venesuela (10) kuzatilgan.

O‘zbekiston 2023-yilda 121-o‘rinda, 2022-yilda 126-o‘rinda, 2021-yilda 140-o‘rinda, 2020-yilda 146-o‘rinda bo‘lgan. 2019-yilda mamlakat 153-o‘rinni, 2017-yilda 157-o‘rinni, 2016-yilda esa 156-o‘rinni egalladi.


Avvalroq “Spot” O‘zbekiston jahon pasportlari reytingida ikki pog‘onaga yuqorilagani haqida yozgandi.

Yil davomida o‘zbekistonliklar vizasiz borishi mumkin bo‘lgan mamlakatlar soni 24tadan 29taga ko‘paydi.