Yevrokomissiya AQShning Yevropa Ittifoqidan keltirilayotgan po‘lat va alyuminiyga ehtimoliy bojlar joriy etishiga nisbatan munosabat bildirishga va’da berdi, buni asossiz deb hisoblamoqda.
“Hozirgi vaqtda biz Yevropa Ittifoqi tovarlariga bojxona to‘lovlarini joriy etish to‘g‘risida hech qanday rasmiy xabarnoma olmadik. Biz tafsilotlarsiz yoki yozma tushuntirishlarsiz umumiy bayonotlarga javob bermaymiz. Yevropa Ittifoqi o‘z eksportiga tariflar joriy etish uchun hech qanday asos ko‘rmayapti. Biz Yevropa biznesi, ishchilari va iste’molchilari manfaatlarini asossiz choralardan himoya qilish uchun zarur choralarni ko‘ramiz,” — deyiladi YeK bayonotida.
Hujjatda ta’kidlanishicha, bojlarni joriy etish “ayniqsa, Yevropa Ittifoqi va AQSh transatlantik savdo va investitsiyalar orqali yaratgan chuqur integratsiyalashgan ishlab chiqarish zanjirlarini hisobga olgan holda g‘ayriqonuniy va iqtisodiy jihatdan samarasiz bo‘lardi.”
Yevrokommisiya fikriga ko‘ra, Yevropaga qarshi bojlarni joriy etish orqali AQSH o‘z fuqarolari manfaatlariga zid ish tutadi, biznes uchun xarajatlarni oshiradi va inflyatsiyani kuchaytiradi.
“Bundan tashqari, bojxona bojlari iqtisodiy beqarorlikni kuchaytiradi hamda jahon bozorlarining samaradorligi va integratsiyasiga putur yetkazadi,” — deya ta’kidlanadi hujjatda.
Avvalroq Tramp 10 fevraldan boshlab AQShga import qilinadigan po‘lat va alyuminiyga 25%lik boj joriy etish niyatida ekanligini ma’lum qilgan edi.
“Po‘latga 25%lik, alyuminiyga ham shunday boj belgilanadi”, — deya qo‘shimcha qildi Tramp.
Bundan tashqari, u seshanba yoki chorshanba kuni AQSH tovarlariga tarif joriy etgan savdo hamkorlariga nisbatan bojlarni e’lon qilishini ma’lum qildi.
“Ular deyarli zudlik bilan kuchga kiradi,” deb ta’kidladi Tramp savdo hamkorlariga nisbatan bojlar haqida gapira turib.
Avvalroq “Spot” AQSh Kanada, Meksika va Xitoy tovarlariga yangi bojlar joriy etishi haqida yozgandi.
Donald Tramp ularni noqonuniy migratsiya va giyohvand moddalar kontrabandasida aybladi. Xuddi shunday choralar Yevropa Ittifoqiga qarshi ham ko‘zda tutilgan.