Aprel oyida avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalari uchun tabiiy gazning ulgurji narxlari oshirilishi mahsulot tannarxini oshiradi. Bu haqda Markaziy bankning 2024-yilning to‘rtinchi choragi uchun pul-kredit siyosatiga bag‘ishlangan hisobotida aytiladi.

Regulyator “tashqi noaniqliklar va xavf-xatarlar” orasida dunyoda himoyachilik kayfiyatlarini qo‘llab-quvvatlovchi tushunchalarning kuchayishi va xalqaro savdodagi cheklovlarning ortishini alohida ta’kidlamoqda.

Bu holat global ta’minot zanjirlarida muammolar keltirib chiqarishi mumkin. Mazkur vaziyat global inflyatsiyaning pasayishiga ta’sir ko‘rsatib, inflyatsion bosimning uzoqroq muddat saqlanib qolish ehtimolini oshiradi. Ortib borayotgan inflyatsion xavflarga javoban markaziy banklar foiz stavkalarini pasaytirish muddatini kechiktirishlari mumkin.

Qayd etilishicha, dunyoda mavjud geosiyosiy inqirozlarning davom etishi xomashyo va oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining yanada oshishiga olib kelishi mumkin. Xususan, jahon bozorida oziq-ovqat mahsulotlari narxining oshishi O‘zbekistondagi narxlarga bosimni kuchaytiradi.

Ichki muammolar orasida energetika sohasi birinchi o‘rinda turmoqda. 2025-yil aprel oyida yuridik shaxslar uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflarining ko‘tarilishi keyinchalik ishlab chiqarish xarajatlarining oshishiga va inflyatsion kutilmalarning tezlashishiga olib kelishi mumkin.

“Bundan tashqari, aprel oyida gaz to‘ldirish kompressor stansiyalari uchun tabiiy gazning ulgurji narxlari oshirilishi, o‘z navbatida, transport xarajatlarining oshishi hisobiga mahsulot tannarxiga ta’sir qilishi mumkin,” — deya ogohlantiradi regulyator.

2025-yil 1-apreldan boshlab barcha iste’molchilar, shu jumladan issiqlik elektr stansiyalari (IES) uchun tabiiy gaz tarifi har kub metr uchun 1800 so‘mga ko‘tariladi. Avtomobillarga gaz quyish kompressor stansiyalari (AGNKS) uchun gaz narxi 38,8%ga oshib, 2500 so‘mni tashkil etadi.

Shuningdek, Markaziy bank iqtisodiyotdagi yuqori investitsion faollik va aholi real daromadlarining o‘sishi bilan qo‘llab-quvvatlanayotgan iste’mol talabi tufayli inflyatsiya sur’atlarining tezlashishi xatarlarini ta’kidlamoqda.