Hukumat qarori bilan O‘zbekistonda 1-maydan elektromobillar uchun utilizatsiya yig‘imi oshiriladi. Bunda tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasiga (TIF TN 8703 80) faqat elektrodvigatelga ega bo‘lgan transport vositalari kiradi. Gibrid avtomobillar esa bundan mustasno.

Xususan, yig‘im elektromobillarning ishlab chiqarilgan yiliga qarab, quyidagicha farqlanadi:

  • uch yildan kam bo‘lsa — BHMning 120 baravari (45 mln so‘m);
  • uch yildan ortiq bo‘lsa — BHMning 210 baravari (78,75 mln so‘m).

Mazkur qaror ijtimoiy tarmoqlarda keng jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘ldi. Xususan, iqtisodchi Otabek Bakirov buni JSTga a’zo bo‘lishning faol jarayonida mamlakatning strategik tanlovi va imijini savol ostiga qo‘yishini ta’kidlab, qarorni bekor qilishga chaqirdi. Iqtisodchi Yuliy Yusupov “Spot"ga bergan izohida buni bojlar bozorning barcha ishtirokchilariga ham bir xil qo‘llanilmasligi bilan tushuntirdi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Tashqi savdo departamenti boshlig‘i Inomjon Abdurahmonov o‘zining “Facebook"dagi sahifasida elektr transport vositalari uchun utilizatsiya yig‘imi oshirilayotganiga munosabat bildirdi.


Utilizatsiya yig‘imi nega oshirildi?

elektromobillar, inomjon abdurahmonov, issv, utilizatsiya

Inomjon Abdurahmonov utilizatsiya yig‘imi ekologik xavfsizlikni ta’minlash, fuqarolar sog‘lig‘i va atrof-muhitni iste’mol xususiyatlarini yo‘qotgan avtomobillarning zararli ta’siridan himoya qilish, sanoat sohalarini rivojlantirish va mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlashda foydalanish mumkin bo‘lgan tashqi savdoni tartibga solish choralaridan biri, deya qayd etdi.

U 2022-yilning dekabr oyida qabul qilingan prezident qarori bilan mahalliy ishlab chiqaruvchilarga berilgan imtiyoz individual xarakterga ega emasligini, balki barcha investor va ishlab chiqaruvchi korxonalar foydalanishi mumkin bo‘lgan preferensiya hisoblanishini ta’kidladi. Qaror maqsadi esa aholining elektromobil va gibrid avtomobillarga bo‘lgan ehtiyojini mahalliy transport vositalari orqali ta’minlashga qaratilgan.

Bundan tashqari, akkumulyator batareyalari tarkibida simob, nikel, kadmiy, qo‘rg‘oshin, litiy, marganes, rux kabi kimyoviy moddalar, shu jumladan, inson organizmida to‘planib qoladigan va jiddiy zarar yetkazadigan og‘ir metallar mavjud. Elektromobillar importi oshishi fonida mamlakatda 2035-yilga borib 10 ming tonnadan ortiq yaroqlilik muddatini o‘tagan batareyalar chiqindilari hosil bo‘lishi kutilmoqda.

“Avtotransport vositalari qismlari, ayniqsa akkumulyator batareyalarini utilizatsiya qilish va chiqindilarni qayta ishlash korxonalarini ishga tushirish hamda kompleks infratuzilmani yaratish katta mablag‘ va kamida 10−15 yil muddat talab etadi. Utilizatsiya yig‘imining oshirilishi ekologik muammolarni hal etishdan tashqari, mamlakatda bu kabi quvvatlarni yaratishga xizmat qiladi deb hisoblayman”, — dedi Abdurahmonov.

Bundan tashqari, u jahon tajribasida mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun bojxona va soliq imtiyozlari taqdim etilib, milliy sanoat sohalarini himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida bojxona bojlari, kvotalar, cheklovlar, sertifikatlar va ekologik standartlar kabi notarif choralar amaliyotga joriy etilganiga e’tibor qaratdi.

U Xitoydan Yevropa Ittifoqi, Rossiya va O‘zbekistonga import qilinadigan bojxona qiymati $20 ming bo‘lgan elektromobillarning transport xarajatlaridan tashqari iste’molchiga yetib kelish narxini hisoblab ko‘rsatdi. Bunda Yevropa Ittifoqiga import qilingan elektromobil narxi $34,2 mingni (55% bojxona boji, 15% QQS va taxminan $200 utilizatsiya yig‘imi bilan), Rossiyaga $29,6 mingni (15% boj, $2,6 ming aksiz solig‘i va utilizatsiya yig‘imi hamda 20% QQS), O‘zbekistonga esa $25,9 mingni (nol foiz bojxona boji, 12% QQS va $3,5 ming utilizatsiya yig‘imi) tashkil etadi.

“Bundan O‘zbekistonda iste’molchilar manfaatlari birinchi o‘rinda turganini ko‘rish mumkin”, — deydi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi departament boshlig‘i.

Mahalliy ishlab chiqaruvchilarga imtiyozlar nega kerak?

O‘zbekiston avtosanoatida 30 mingdan ortiq, turdosh tarmoqlarda 200 mingdan ortiq kishi ish bilan ta’minlangan. Keyingi 5 yilda bu mos ravishda 40 va 260 mingtaga yetishi kutilmoqda. Sohada band bo‘lganlarning 15% dan ortig‘ini yuqori malakali mutaxassislar tashkil etadi.

Abdurahmonov avtomobilsozlikning multiplikator effekti tufayli bu tarmoqda 1 ta ish o‘rni, turdosh tarmoqlarda, jumladan, metallurgiya, kimyo, elektronika, xizmat ko‘rsatish sohalarida 7−8 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishini ta’kidladi. Bu sanoat 2024-yilda $5,6 mlrd savdo aylanmasini amalga oshirdi hamda 10,1 trln so‘m soliq to‘lab, davlat ulushi mavjud bo‘lgan yirik soliq to‘lovchilar orasida yettinchi o‘rinni egalladi.

“Jahon bozorida shiddat bilan kuchayib borayotgan shafqatsiz raqobat sharoitida avtomobil sanoatida erishilgan tendensiyalarni va 30 mingdan ortiq ish o‘rinlarini saqlab qolish hamda ularni ko‘paytirish kechiktirib bo‘lmas qat’iy choralarni qo‘llashni talab etadi”, — dedi u.

Shu bilan birga, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash va ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhiti shakllantirilayotganini qayd etdi Inomjon Abdurahmonov.

Andijon (“GM Uzbekistan”), Jizzax (“ADM Jizzakh”) va Sirdaryo (“Asaka Motors”) avtomobil ishlab chiqarish korxonalari faoliyat yuritmoqda. Jahon bozorida yuqori talabga ega avtomobillarni ishlab chiqarishga qaratilgan investitsiya loyihalariga xorijiy kompaniyalar jalb qilinmoqda. Mahalliy avtomobillarning turini ko‘paytirish hamda sifati va xavfsizlik talablarini kuchaytirishga e’tibor berilmoqda.

Import avtomobillarga bojxona to‘lovlari miqdorining pastligi bu mahsulotlarning ichki bozordagi narxi arzon bo‘lishiga xizmat qilishiga qaramay, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda ishlab chiqaruvchilarning inqirozga yuz tutishi, ishsizlik darajasining ortishi va mamlakat iqtisodiyotining zaiflashishiga olib kelishi ta’kidlandi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston yaqin dengizlarga chiqishi uchun kamida ikki davlat hududini bosib o‘tishiga to‘g‘ri keluvchi davlatlardan biri. Bu esa transport-logistika xarajatlarining yuqoriligi bois, imtiyozlarsiz avtomobil ishlab chiqarishni amalga oshirish uchun so‘nggi texnologiyalarga ega investorlarni jalb qilish imkonini bermaydi.

Bundan tashqari, Abdurahmonov xorijiy mamlakatlarda avtomobilsozlik qanday rivojlanganiga to‘xtalib, Turkiya avtomobilsozlik sanoati rivojlanishining ijobiy hamda Avstraliya va Yangi Zelandiyadagi salbiy misollarni keltirdi. Turkiya avtosanoatining muvaffaqiyatini amaldor importni cheklash orqali ichki ishlab chiqarishni rag‘batlantirish bilan izohladi, Avstraliya va Yangi Zelandiya esa avtomobillarga import bojlarini qisqartirdi.

Bu JSTga a’zo bo‘lishga qanday ta’sir qiladi?

Inomjon Abdurahmonovning qayd etishicha, import bojxona bojlari stavkalariga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish JST qoida va me’yorlariga zid emas. JSTga a’zo bo‘lmasdan turib, mavjud tarif va notarif vositalardan foydalanmaslik import hajmi ortib, mamlakat YIM o‘sish sur’atlari pasayishiga olib kelishi ehtimoli juda yuqori, dedi u.

“O‘z navbatida, JST bitim, qoida va me’yorlarida „boshqa bojlar va yig‘imlar“ tushunchasi mavjud bo‘lib, utilizatsiya yig‘imi mazkur tushuncha doirasida qo‘llaniladi. JSTga a’zolikka nomzod davlat bu turdagi to‘lovlarni tashkilotga a’zo davlatlar bilan ikki tomonlama muzokaralar davomida kelishib, unga qo‘shilish bo‘yicha yakuniy majburiyatlar paketiga kiritishi mumkin”, — deya yozadi Abdurahmonov.

U milliy qonunchilikni JST normalari bilan uyg‘unlashtirish masalasi JST a’zosi hisoblanuvchi davlatlar bilan ikkitomonlama formatda kelishilmasligini, bu JST kotibiyati bilan yakuniy majburiyatlar paketini kelishish davomida ko‘rib chiqilishi hamda bu mamlakatning tashkilotga a’zo bo‘lishi arafasida amalga oshirilishini tushuntirdi. Yakuniy kelishuvlarda nazarda tutilgan ayrim majburiyatlar o‘tish davrini o‘z ichiga olishi mumkin.

Shu bilan birga, vazirlik vakili rivojlanishga intiluvchi davlatlar har doim o‘zida yuqori qiymatli mahsulot ishlab chiqaruvchi sektorlarni qo‘llab-quvvatlash yoki strukturaviy o‘zgarishlarni amalga oshirish orqali aholi farovonligini oshirishga harakat qilishini qayd etdi.

“Bu jarayonni amalga oshirishda davlat ayrim proteksionistik yo‘llarni, shu jumladan, tarif yoki notarif choralarini kuchaytirishi mumkin”, — dedi u.

Inomjon Abdurahmonov sanoatlashtirishning ilk davrlarida to‘qimachilik va avtomobil sanoatini qattiq himoya qilgan Hindiston va iqtisodiyotning rivojlanayotgan sektorlarini himoya qilish uchun import bojlarini joriy qilgan AQSh misollarini keltirdi. Shuningdek, u AQSh va Kanada tomonidan Xitoy elektromobillari importiga bojlar joriy etilganini eslatib o‘tdi.

Uning ta’kidlashicha, amaliyotga tatbiq etilayotgan qarorlar mazmunini, davlat ravnaqi va xalq farovonligi yo‘lidagi strategik maqsadlarini tushunib yetmasdan, iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish vaji bilan iqtisodiy samaradorlik asoslariga ega bo‘lmagan fikrlarni bildirish maqsadga muvofiq emas. “Har qanday iqtisodchi, ekspert, bloger va faollar ISSV huzuridagi Jamoatchilik kengashiga murojaat qilishi mumkin”, dedi u.

“Umuman, bugun bozorimizning xorij avtomobillari uchun to‘liq ochilishi — ertaga ishsizlik, zaif iqtisodiyot va qaramlik degani deb hisoblayman”, — qayd etdi Abdurahmonov.

Shundan kelib chiqib, u monopoliyaga yo‘l qo‘ymasdan ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, mahalliy avtomobillar import qilinganlari bilan raqobatlasha olishi uchun ularning sifatini doimiy ravishda oshirib borish hamda sanoatning barqaror, uzoq muddatli rivojlanishi uchun mamlakatning ilmiy-tadqiqot va konstruktorlik bazasini yaratishga chaqirdi.