O‘zbekistonda ayrim tadbirkorlarga “yashil tadbirkor” maqomi beriladi. Bu haqda 7-fevral kuni prezident farmoni bilan qabul qilingan 2025-yil uchun mo‘ljallangan davlat dasturida belgilangan.
2025-yilning 1-sentabridan boshlab tadbirkorlarni “yashil tadbirkor” sifatida e’tirof etishga qaratilgan platforma ishga tushiriladi.
Bu maqom quyidagi yo‘nalishlarda belgilangan ko‘rsatkichlarni bajargan tadbirkorlarga beriladi:
- ko‘kalamzorlashtirish, jumladan, korxonani “yashil belbog‘” bilan o‘rash, sug‘orish tizimlarini o‘rnatish, tomchilatish, yomg‘irlatish va konteynerli (qopli) sug‘orish tizimini joriy qilish;
- energiya tejamkorligini ta’minlash, jumladan, energiya tejovchi uskunalar va texnologiyalarni joriy qilish;
- korxonaning atrof-muhitga ta’sirini kamaytirish, jumladan, ekologik huquqbuzarlik sodir etmaslik, atmosferaga tashlamalarni onlayn monitoring qilish tizimini joriy etish;
- ishlab chiqarishga sirkulyar iqtisodiyotni joriy qilish (“7R”) tamoyilini tatbiq etish.
“Yashil tadbirkor” maqomini olgan tadbirkorlarga “Shaffof qurilish” platformasida ustuvorlik beriladi, muayyan muddat davomida ekologik tekshiruvlardan ozod etiladi, xalqaro bozorlarga chiqishda qo‘llab-quvvatlanadi. Shu bilan birga, barqarorlik reytingida qo‘shimcha ball beriladi.
Bundan tashqari, hujjat bilan aholi va tadbirkorlarning qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishini rag‘batlantirish belgilanmoqda.
Xususan, joriy yilning 1-aprelidan boshlab “yashil” tariflar joriy qilinib, chiqindilar utilizatsiyasi hisobiga hamda shamol va quyosh manbalaridan ishlab chiqarilgan elektr energiyasiga nisbatan tatbiq etiladi.
Uning doirasida tadbirkorlar tomonidan chiqindi va biogaz utilizatsiyasi orqali, tashkilotlarning o‘z hududlaridagi shamol va quyosh qurilmalaridan ishlab chiqariladigan elektr energiyasi uchun imtiyozli tariflar belgilanadi.
Shu bilan birga, aholining quyoshdan olingan va o‘z ehtiyojidan orttirib, davlatga sotadigan energiyasi uchun imtiyozli tarif amal qiladi.
Yanvar oyida “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili davlat dasturi loyihasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda prezident 100 mingta obyekt va 150 mingta xonadonda 600 MVt quvvatga ega quyosh panellarini o‘rnatish bo‘yicha topshiriq bergandi.
Avvalroq Bosh prokuraturaga quyosh panellari o‘rnatilishini qat’iy nazoratga olish vazifasi berildi. Energetika vazirligiga hokimliklar bilan birgalikda 2025-yilda quyosh panellari va geliokollektorlarni o‘rnatish dasturini ishlab chiqish topshirildi.