Shavkat Mirziyoyev 10-fevral kuni atom energetikasi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
An’anaviy generatsiyadan tashqari, so‘nggi yillarda qariyb 4 GVtli muqobil quvvatlar ishga tushirildi va “yashil” energiya ulushi 16% ga yetdi. Kelgusi besh yilda yana 25 GVtli qayta tiklanuvchi energiya manbalari barpo etiladi. Bularning hisobiga yiliga 64 mlrd kv/soat “yashil” energiya olinadi. 2030-yilga borib, jami generatsiyada “yashil energiya” ulushini 50% dan oshirish maqsad qilingan.
Uzoq yillik quvvatlarni barpo etishda atom energetikasi maqbul hisoblanishi qayd etildi. Hozirda dunyoda 375 GVtli 417 ta atom reaktorlari ishlatilmoqda. Yana yangi stansiyalar qurilyapti, ko‘p davlatlar atom energetikasini o‘zining rivojlanish strategiyasiga kirityapti.
Mamlakatda uran zaxirasi borligidan foydalanib, uzoq muddatga mo‘ljallangan quvvat tashkil etish rejalashtirilgan. Xususan, kichik quvvatli reaktorlar barpo etish loyihasi ishlab chiqildi. Yig‘ilishda mutasaddilar atom energetikasini rivojlantirish bo‘yicha qilinayotgan ishlar bo‘yicha axborot berdi.
Davlat rahbari bo‘lajak stansiya va tizimda ishlaydigan mutaxassislarni hozirdan tayyorlash, xavfsizlikni Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) talablari darajasida ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berdi. Bunday texnologiyalar iqtisodiyot raqobatdoshligini oshirib, uning uzoq muddatli o‘sishini ta’minlashi ta’kidlandi.
“O‘zatom” agentligi direktori Azim Axmedxo‘jayev “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida tahlillar 2040-yilga borib dunyoda ishlab chiqariladigan elektr energiyasining 25%i atom energetikasi hissasiga to‘g‘ri kelishini ko‘rsatganini aytdi.
Uning qayd etishicha, “Rosatom” tomonidan Jizzax viloyatida kichik atom elektr stansiyasini qurish loyihasi turli xorijiy tuzilmalarni jalb qilgan holda xalqaro xususiyatga ega bo‘ladi. Loyihaga Rossiya texnologiyalari bilan birga Xitoyning noyadro texnologiyalari hamda Yevropa dasturiy ta’minoti va apparat vositalarini qo‘llash rejalashtirilgan.
“Bu yo‘l bilan biz ushbu loyihani eng zamonaviy texnologiyalar yordamida amalga oshirish uchun xalqaro konsorsium tashkil etamiz. Bu loyihaga noan’anaviy yechimlar, masalan, Vengriya yoki Xitoy ishlab chiqaruvchilarining quruq sovutgichlarini tatbiq etish rejalashtirilgan. Bu orqali elektr stansiyasida suv sarfini kamaytirish maqsad qilingan”, — dedi u.
Axmedxo‘jayev kichik AES loyihasi MAGATE tomonidan qat’iy nazorat ostida amalga oshirilayotganini, uning mutaxassislari “Rosatom” bilan birgalikda loyihada ishtirok etayotganini ta’kidladi. Xalqaro tashkilot xavfsizlik me’yorlari va standartlariga rioya qilish bo‘yicha tavsiyalar beradi, dedi u.
“O‘zatom” MAGATE bilan alohida hamkorlik dasturini ishlab chiqdi, uning doirasida agentlik mamlakatda malakali kadrlarni tayyorlash, xavfsizlik me’yorlarini ta’minlashni nazorat qilish hamda yadro energetikasi loyihalarini amalga oshirishda ko‘maklashmoqda.
“Shuningdek, davlatimiz rahbarimiz tomonidan O‘zbekistonda shu kabi loyihalarni amalga oshirishning boshqa shakllarini ham ko‘rib chiqish bo‘yicha topshiriq berildi, biz bu jarayonni bugundanoq amalga oshirishni boshlaymiz”, — dedi Azim Axmedxo‘jayev.
Bundan tashqari, “O‘zatom” direktori prezident islohotlari katta miqdordagi elektr energiyasini talab qilishini, bu ehtiyojni qisman atom energetikasi qoplashi mumkinligini ta’kidladi.
2024-yil oktabr oyida Azim Axmedxo‘jayev atom elektr stansiyalarini qurish uchun 14 ta potensial maydon dastlabki baholanganini ma’lum qilgandi. Kelajakda “O‘zatom” O‘zbekistonning turli hududlarida kichik reaktorlarni rivojlantirish uchun joylarni batafsil o‘rganishni rejalashtirgan.
O‘zbekistonda kichik AES qurilishi
Joriy yilning 27-may kuni “O‘zatom” va “Rosatom” kam quvvatli AES qurish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Loyiha Rossiya ishlanmasi — RITM-200N bosimli suv reaktoriga asoslangan. RITM-200N reaktorining issiqlik quvvati — 190 MVt, elektr quvvati — 55 MVt, xizmat muddati — 60 yilgacha.
Atom energiyasi agentligi matbuot xizmati “Spot"ga kam quvvatli AESning birinchi reaktorini ishga tushirish besh yildan keyinga mo‘ljallanganini ma’lum qildi.
Shavkat Mirziyoyev OAVga bergan bayonotida dunyoda deyarli barcha davlatlar energetik xavfsizlik va barqaror rivojlanishni atom energetikasi hisobiga ta’minlashini, O‘zbekiston uran zaxiralarini uchinchi davlatlarga eksport qilayotgan mamlakat sifatida loyiha hayotiy ahamiyatga ega ekanligini qayd etdi.
Iyun oyi oxirlarida AES loyihasi bo‘yicha dastlabki ishlar boshlandi. Unda Jizzax viloyatidagi belgilangan maydonda amalga oshiriladigan birinchi qurilish shtabi joylashtirilib, rejalashtirilgan muddatda ishlarni boshlash bo‘yicha vazifalar belgilab olingandi.
Sentabr oyida “O‘zatom” va “Rosatom” o‘rtasida kam quvvatli AES qurilishi bo‘yicha ishlarni boshlash to‘g‘risida bayonnoma imzolandi. Hujjat qurilish maydonchasida tayyorlov ishlari, loyihalashtirish hujjatlarini ishlab chiqish hamda litsenziyalash bosqichiga o‘tishni nazarda tutadi.
“O‘zatom” huzuridagi AES qurilishi direksiyasi direktori Otabek Amanov Jizzaxdagi kichik AESning yordamchi obyektlarini qurishga xalqaro kompaniyalar, xususan, turbinalar uskunalar, generatorlar va quruq gradirnyalarni yetkazib berish uchun jalb qilinishi mumkinligini qayd etdi.