Toshkentdagi supermarketlarda ayrim oziq-ovqat mahsulotlari narxlari pasaydi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti xabar berdi.

MHTI mutaxassislari 9-yanvar va 6-fevral kunlari o‘tkazilgan monitoring ma’lumotlari asosida 21 nomdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxining o‘zgarishini ko‘rib chiqdi.

Natijada 6 nomdagi mahsulot bo‘yicha minimal narxlar o‘tgan oydagiga nisbatan pasayganligi aniqlandi. Shunday qilib, kartoshkaning minimal narxi 26,1%, qizil sabzi — 11,3%, lavlagi — 8,2%, tuxum 7,8%, sut — 0,9% hamda shakar 0,4% ga pasaygan.

O‘tgan oyda kartoshka narxi oshganidan keyin Pokistondan mazkur mahsulotning import qilinishi uning narxi arzonlashishiga olib keldi.

Bundan tashqari, 8 nomdagi mahsulotning minimal narxlari oshgan. Ayniqsa, oqbosh karam narxida eng katta o‘sish qayd etildi. Bu esa mavsumiy omil bilan bog‘liq.

Bodring narxi ham sezilarli darajada qimmatladi, ammo o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 30% ga arzon.

Shuningdek, 7 nomdagi mahsulot, jumladan, bug‘doy uni, guruch, grechka, makaron, olma, banan va tovuq go‘shti (file) ning eng past narxlari o‘zgarishsiz qoldi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi nima uchun kartoshka narxi qimmatlashganini tushuntirib, buni 2024-yilda yetarli hosil olinmagani, QQS bo‘yicha imtiyozlarning bekor qilinishi hamda boshqa xarajatlarning oshgani bilan izohlagandi.

Avvalroq oziq-ovqat mahsulotlarining iste’mol normalari har 3 yilda qayta ko‘rib chiqilishi haqida xabar berilgandi.