“Silkroad Innovation Hub” akseleratori “Scale2US: IT Outsourcing Bootcamp” startap dasturiga qabulni boshladi, deya xabar berdi “IT Park” matbuot xizmati.
Tashabbus taqdimoti 10-fevral kuni bo‘lib o‘tdi. Akselerator Markaziy Yevroosiyodagi autsorsing kompaniyalariga AQSh bozoriga kirishda ko‘maklashadi, ularga sotish strategiyalari va potensial mijozlar bilan aloqa o‘rnatishni o‘rgatadi.
Qayd etilishicha, tashabbus 10 nafar va undan ortiq dasturchilardan iborat jamoalarga ega hamda xorijiy bozorlarda ish tajribasiga ega bo‘lgan korxonalarga mo‘ljallangan.
Kurs 8 oy davom etadi. Dasturga uchta bosqich kiradi:
- Kompaniyaning texnik imkoniyatlari, moliyaviy holati, bozordagi o‘rni va o‘sishga tayyorligini tahlil qilish (1 oygacha);
- onlayn savdo va marketing, raqamli ko‘rinuvchanlik, strategiya ishlab chiqish, biznes madaniyati bo‘yicha treninglar o‘tkazish, Amerika bozoridagi mijozlar bilan ishlashga tayyorgarlik ko‘rish (3 oy);
- o‘qish, amaliyot o‘tash, aloqa o‘rnatish uchun Silikon vodiysiga tashrif buyurish (5 oy).
Dasturda ishtirok etish uchun havola orqali arizalarni 15-martgacha topshirish mumkin.
Avvalroq “Spot” “Angel Connect” xakatoniga arizalar qabul qilinayotgani haqida yozgandi.
Tadbirda 5 kishidan iborat jamoalar ishtirok etishi mumkin bo‘lib, buning uchun ro‘yxatdan o‘tish talab etiladi.