Raqobat qo‘mitasi matbuot xizmati reklama qonunchiligi bo‘yicha 2024-yilda olib borilgan monitoring ishlari natijalarini ma’lum qildi.

Xorazm viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan jami 3 587 ta tashqi reklama vositalari o‘rganilib, ulardan 1 899 tasida talablarning buzilgani aniqlandi. Noto‘g‘ri joylashtirilgan, davlat tilida berilmagan hamda imloviy xatolar bilan yozilgan reklamalardagi kamchiliklar bartaraf etildi.

Jumladan, 5 ta tashkilotga nisbatan reklama qonunchiligi talablarini buzganlik uchun ishlar qo‘zg‘atilib, tadbirkorlarga ularni bartaraf etish va takrorlamaslik to‘g‘risida bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi.

Qashqadaryo viloyatida jami 4 028 ta tashqi reklama va tashqi targ‘ibot vositalari o‘rganilganda 13 ta korxona tomonidan reklama qonunchiligi talablari buzilgani ma’lum bo‘ldi. Boshqarma maxsus komissiyasi tashkilotlarga ish qo‘zg‘atib, 9 ta holatda qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Toshkent shahridagi jami 3 450 ta tashqi reklama va tashqi targ‘ibot vositalari o‘rganilib, 1 489 ta kamchiliklar aniqlandi. Natijada 295 ta rasmiy ogohlantirish xatlari berildi, qolgan 520 ta holat profilaktik tushuntirish va tavsiyalar orqali bartaraf etilgan.

15 ta xo‘jalik yurituvchiga, jumladan, turoperatorlar (“Rahmat Travel Group”, “Comfort Travel and Ziyarah”, “Camel Trave”), reklama operatorlari (“Hamkor Reklama Servis”), oziq-ovqat sanoati (“Inter Food Plus”, Rits Unique Inc") va boshqa sohalar (“Legion Co”, “Energomax”) dagi kompaniyalarga nisbatan ish qo‘zg‘atildi.

Boshqarma maxsus komissiyasi tomonidan ularga qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi.

Andijon viloyatida “Umra” tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha xizmatlar reklamasi yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda 11 ta xo‘jalik yurituvchi qonun talablariga zid bo‘lgan reklama berganligi aniqlandi. Bular qatorida “Ihlos Travel 1”, “Salaam”, “Sapfir Bustoni”, “Elde Elektronik” hamda “Bog‘ishamol Gavhari” kabilar bor.

Ularga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi. Shuningdek, 3 ta xo‘jalik yurituvchining tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizalari kiritilib, sud ishlari davom etmoqda.

Avvalroq 1 300 ga yaqin dorixonalarda narxlar asossiz oshirilgani aniqlangandi. 270 ming ta qonun buzilishi natijasida asossiz olingan 11,6 mlrd so‘m iste’molchilarga qaytarildi.