Avstraliya kaft rasmiga qarab yoshni tekshirish texnologiyasini sinovdan o‘tkazmoqda. Bu haqda “Crikey” nashri xabar berdi.
Sun’iy intellektlarga ixtisoslashgan Needemand kompaniyasi barmoqlar harakatini kuzatib, o‘smirlarning kaftini kattalarnikidan 99% aniqlikda ajrata oladigan texnologiyani taqdim etdi. Endi hujjatlar yoki yuzni ko‘rsatish shart emas.
“BorderAge” nomli texnologiya foydalanuvchining qo‘l harakatlari videoyozuvlarini tahlil qiladi. “Needemand” kompaniyasining bosh operatsion direktori Jan-Mishel Politning aytishicha, mashinali o‘rganish algoritmlari 2017-yildan buyon to‘plangan o‘n minglab videoyozuvlar asosida o‘rgatilgan.
“Asab tizimimiz tug‘ilishdan to voyaga yetguncha har kuni o‘zgarib turadi, shu sabab barmoqlar harakati ham yoshga qarab o‘zgaradi. Eng muhimi: barchasi anonim, pasport yoki selfi kerak emas, faqat qo‘lni kamera oldida 30 soniya harakatlantirish kifoya”, — deydi ishlab chiquvchilar.
Texnologiya ajin, qo‘l o‘lchami, tatu yoki taqinchoqlar kabi tashqi belgilarni e’tiborga olmaydi, aksincha, faqatgina harakatlarga diqqat qaratadi.
2024-yil noyabr oyida Avstraliya parlamenti 16 yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganlarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlovchi qonunni qabul qildi.
Yangi qonunga ko‘ra, texnologik kompaniyalar voyaga yetmagan foydalanuvchilarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun “aqlli choralar” ko‘rishlari kerak. Aks holda, ularga deyarli 50 mln Avstraliya dollari ($32 mln) miqdorida jarima solinishi mumkin.
Taqiq “Snapchat”, “TikTok”, “Facebook”, “Instagram”, “Reddit” va “X” (sobiq Twitter) kabi ijtimoiy tarmoqlarga ta’sir qilishi kutilmoqda, biroq bu ro‘yxat kengaytirilishi mumkin.
Avstraliya dunyoda birinchi bo‘lib yosh chegarasiga samarali rioya qilish uchun biometrik yoki davlat hujjatlaridan foydalangan holda yosh tekshiruvini joriy etishni rejalashtirmoqda.
Avvalroq “Spot” Turkiyada o‘smirlarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish taqiqlanishi mumkinligi haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, mamlakat 2025-yil davomida 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlovchi qonunlar qabul qilishni rejalashtirmoqda.