Bo Andersson O‘zbekistonning muhim avtokomponentlarni yetkazib beruvchilar bilan ishlash tajribasini yuqori baholadi. Bu haqda “UzAuto Motors” va “UzAuto Motors Powertrain” kompaniyasining sobiq bosh direktori “Kommersant"ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
O‘tgan yilning dekabr oyida O‘zbekistondagi uch yillik faoliyatini yakunlagan top-menejer 2021-yildan buyon “UzAuto Motors” yillik ishlab chiqarish va sotish hajmini 60% dan ko‘proqqa — 400 ming donagacha oshirganini hamda 4 mingta yangi ish o‘rni yaratilganini qayd etdi.
U “Chevrolet Tracker” va “Chevrolet Onix” avtomobillarini “sanoat miqyosida ishlab chiqarish muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yilgani"ni faxr bilan ta’kidladi. Bunga Amerikaning “General Motors” kompaniyasining zamonaviy agregat avtomobil platformasiga o‘tishi tufayli erishildi, deya ta’kidladi Andersson.
Bu esa O‘zbekistonni “Chevrolet” avtomobillarini ishlab chiqarish bo‘yicha Braziliya, Meksika va Xitoyni ortda qoldirib, dunyodagi ikkinchi yirik ishlab chiqaruvchi va brend uchun ikkinchi muhim bozorga aylantirdi.
“2022 va 2023-yillarda „UzAuto Motors“ MDH va Markaziy Osiyo mamlakatlarida yengil avtomobillar ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchiga aylandi, ishlab chiqarishda rekord o‘rnatdi. Biz tushumni deyarli 130% ga oshirdik va IPOga muvaffaqiyatli (2022-yil oxirida — „Spot“ izohi) chiqdik”, — dedi top-menejer.
Shuningdek, Andersson rossiyalik avtomobil ishlab chiqaruvchilarga muhim avtomobil komponentlarini yetkazib beruvchilar bilan ishlashda O‘zbekiston tajribasini o‘rganishni tavsiya qildi. Ayrim ta’minotchi kompaniyalarda xorijiy ishtirok bo‘lishiga qaramay, ishlab chiqarish jarayonining barcha eng muhim tarkibiy qismlari mamlakat hududida joylashgan. Natijada, siyosiy vaziyatdan qat’i nazar, ishlab chiqarish doim mamlakatda qoladi, deya qayd etdi u.
“Kommersant” muxbirining 2030-yilgacha uzoq muddatli indeksatsiya shkalasi tasdiqlangan Rossiyada avtomobillar uchun utilizatsiya yig‘imini oshirish haqidagi savoliga “UzAuto Motors” sobiq bosh direktori “davlat o‘z avtomobil ishlab chiqaruvchisini himoya qilishga intilishi va xorijiy ishlab chiqaruvchini tobora murakkab ishlab chiqarish jarayonlarini o‘z hududiga ko‘chirishga undashi mutlaqo normal holat”, deb javob berdi.
“Shunga qaramay, har doim mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilar va, albatta, avtomobil ixlosmandlarining manfaatlari o‘rtasidagi to‘g‘ri muvozanatga alohida e’tibor qaratish lozim. Agar bu muvozanat saqlansa, unda to‘g‘ri natijaga umid qilish mumkin”, — deya xulosa qildi Anderson.
O‘zbekistonda 1-maydan elektromobillar uchun utilizatsiya yig‘imi oshiriladi. Bu uch yildan kam bo‘lgan elektromobillar uchun BHMning 120 baravari (45 mln so‘m), uch yildan ortiq bo‘lsa — BHMning 210 baravari (78,75 mln so‘m) ni tashkil etadi.
Yanvar oyi boshida Bo Andersson Yaponiyaning avtomobil detallari ishlab chiqaruvchi “Sanoh Industrial” kompaniyasiga rivojlanish va operatsion faoliyat bo‘yicha maslahatchi lavozimiga o‘tganini e’lon qildi. Yangi ish joyida “Volkswagen”, “BMW” va “Mercedes-Benz” uchun avtomobil mahsulotlari yetkazib beriladigan Germaniyaning uchta “Sanoh/Geiger Automotives” zavodiga yordam beradi.
Bo Andersson kim?
Bo Andersson 2021-yilning avgust oyida “UzAuto Motors” va “UzAuto Motors Powertrain” kompaniyalarida bosh direktor lavozimini egallagan. Bungacha u “General Motors” kompaniyasining xarid bo‘linmalarida rahbarlik lavozimlarida ishlagan, “Gruppa GAZ” (2009−2013) va “AvtoVAZ” (2014−2016) kompaniyalarini boshqargan.
Anderson ishtirokidagi so‘nggi yig‘ilishda “UzAuto Motors” erishgan yutuqlar qayd etilgandi. Xususan, 2023-yilda kompaniya zavodlari 395 mingdan ortiq yoki oldingi yiliga nisbatan 20%ga ko‘p avtomobil ishlab chiqardi va O‘zbekiston “Chevrolet” brendi uchun ikkinchi muhim bozorga aylandi.
Avtomobil ishlab chiqaruvchisining o‘rtacha sof daromadi so‘nggi uch yilda 6%dan oshdi. Bundan tashqari, 2022-yil oxiri — 2023-yil boshida “UzAuto Motors” kompaniyasining qariyb 57 mlrd so‘mlik aksiyalarining birlamchi taklifi (IPO) bo‘lib o‘tdi.
Shu bilan birga, shu yilning sentabr oyida Andersson aksiyadorlar yig‘ilishining qaroriga ko‘ra, ish haqining 5%i miqdorida jarimaga tortildi. Bunga sabab korxonaning tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha debitorlik qarzdorligi bilan bog‘liq muammolar o‘z vaqtida hal etilmagani bo‘ldi.
Avvalroq 2024-yilda O‘zbekistonda iste’mol va avtokreditlar ajratish ikki baravarga kamaygani haqida xabar berilgandi.