Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini moliyalashtirish tartibini yaxshilashga qaratilgan prezident farmoni qabul qilindi.

Hujjat bilan 2025-yilning 1-aprelidan “Yoshlar daftari” jamg‘armalari orqali, 1-sentabrdan esa “Ayollar daftari” jamg‘armalari orqali to‘lanadigan bir martalik moddiy yordamlar o‘rniga kam ta’minlangan oilalar uchun nazarda tutilgan nafaqalar to‘lanadi.

Joriy yilning 1-mayidan “Ijtimoiy daftarlar” jamg‘armalari hisobidan davolash va jarrohlik amaliyotini o‘tkazish xarajatlari Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi orqali moliyalashtiriladi.

Apreldan boshlab Qoraqalpog‘iston va Xorazmda muhtoj oilalarga bir marta beriladigan moddiy yordam o‘rniga Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilganlarga ayrim xarajatlarini qoplashga subsidiya ajratish tartibi joriy etiladi.

Mablag‘lar uy-joyida artezian quduq qazish, suv nasoslarini o‘rnatish va ichimlik suv filtrlarini xarid qilish xarajatlarini qoplashga yo‘naltiriladi. Bunda subsidiya xarajatlarning 90%i, biroq BHMning 30 baravari (11,25 mln so‘m) dan ko‘p bo‘lmagan miqdorda beriladi.

1-maydan ozodlikdan mahrum etish joylaridan ozod qilingan shaxslarga BHMning 6 baravari miqdorida (2,25 mln so‘m) gi bir martalik nafaqa puli “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari orqali to‘lanadi.

Shuningdek, tuman (shahar) hokimliklari huzurida “Infratuzilma va ijtimoiy barqarorlik” jamg‘armalari tashkil etiladi.

2024-yil yakuni bilan O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 11% dan 8,9% ga yoki 719 ming nafar aholiga kamaydi. Bunga aholi bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka jalb qilish, tomorqa va dehqonchilik uchun ajratilgan yerlardan foydalanishni oshirish choralari ta’sir qilgan.

Yanvarda 277 ming fuqaro ish bilan ta’minlandi. Shundan 91 ming nafari doimiy ishga joylashgan, 153 mingi esa tadbirkorlikka jalb qilingan. Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov o‘tgan oyda 21 mingdan ortiq oila kambag‘allikdan chiqarilganini ma’lum qildi.