“Hududiy elektr tarmoqlari” matbuot xizmati elektr energiyasi iste’moli yuqori uylar quyosh panellarini o‘rnatishga chaqirilayotgani haqidagi xabarlarga rasmiy munosabat bildirdi.
10-fevral kuni jurnalist Shuhrat Shokirjonov o‘zining “Telegram"-kanalida mahallalarda oyiga 1000 kVt/soatdan ortiq elektr energiyasi ishlatgan xonadonlarning ro‘yxatini shakllantirish boshlangani haqida yozdi.
Xabarga ilova qilingan rasmda oyiga 2−3 ming kVt/soatgacha elektr iste’mol qilib, 1 mln so‘mdan 6 mln so‘mgacha to‘lov qilayotgan xonadonlar quyosh panellarini o‘rnatsa “yutishi”, elektr energiyasi “tekinga tushishi” aytilgan. Shuningdek, o‘zidan ortgan elektrni davlatga sotishi mumkinligi keltirilib, targ‘ibotni kuchaytirish topshirilgan.
Shuhrat Shokirjonov quyosh panellariga boj undirilmagan taqdirda aholi uni uyiga o‘rnatishi mumkinligiga e’tibor qaratdi. “Bu elektr energiyasini tejashdan ko‘ra, „yashil energetika“ yilida ustiga boj qo‘shilgan quyosh panellarini o‘tkazishga o‘xshab qolayapti”, deb yozdi u.
Bundan tashqari, bojlarni to‘liq bekor qilgan holda quyosh panellari narxini pasaytirish choralarini ko‘rish kerakligini ta’kidladi. Bu aholini quyosh panellarini xarid qilishga undashi mumkin.
Mazkur xabar yuzasidan “Hududiy elektr tarmoqlari” hududlarda aholi iste’molchilari tomonidan bir oylik elektr energiyasi iste’molining 1000 kVt/soatdan oshgan qismi uchun hech qanday ma’lumotlar to‘planmaganligini va ularga quyosh panellari o‘rnatishlarini bo‘yicha ko‘rsatmalar berilmaganligini ma’lum qildi.
Shuningdek, kompaniya iste’molchilardan muqobil energiya manbalari bo‘yicha savol va takliflar yuzasidan 77 282−12−12 raqamiga qo‘ng‘iroq qilishlarini so‘ragan.
Quyosh panellarini o‘rnatish
Yanvar oyida “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili davlat dasturi loyihasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda prezident 100 mingta obyekt va 150 mingta xonadonda 600 MVt quvvatga ega quyosh panellarini o‘rnatish bo‘yicha topshiriq berdi. Bosh prokuratura quyosh panellari va suv isitish qurilmalariga o‘tishni nazorat qiladi.
Joriy yilgi davlat dasturi bilan Bosh prokuror o‘rinbosari Shohrux Aminov kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatish rejasining ijrosini ta’minlash, quyosh panellari va geliokollektorlar o‘rnatilishida qonunchilik talablariga so‘zsiz rioya etilishi ustidan qat’iy nazoratni amalga oshirishi belgilandi.
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov turar-joy va xo‘jalik binolari tomlarining kamida yarmini quyosh panellari va geliokollektorlar bilan jihozlash rejalarini ma’lum qildi.
O‘tgan yili “Spot” tadbirkorlar bilan elektr energiyasidagi uzilishlar, ularning biznesga salbiy ta’siri hamda quyosh panellarini o‘rnatishga majburlashlar haqida yozgandi, o‘z navbatida, Energetika vazirligi bu amaliyotning qonunchilikka zidligini ta’kidladi.
Avvalroq 2024-yilda fuqarolar quyosh panellari orqali 12 mlrd so‘mdan ortiq elektr energiyasi sotgani haqida xabar berilgandi. 10 mingdan ortiq fuqarolarga xonadonida ishlab chiqarilgan 12,18 mln kVt/soat elektr energiyasi uchun subsidiya berildi.