11-fevral kuni prezident tomonidan imzolangan qonun bilan O‘zbekistonda mikromoliya banklarini tashkil etishga ruxsat berildi.
Qonun mikromoliya tashkilotlari va banklarni bog‘lovchi “zanjir"ni shakllantirishi hamda mikromoliya tashkilotlari uchun qo‘shimcha moliyaviy resurslar, shu jumladan depozitlarni jalb etish imkonini berishi kutilmoqda.
Mikromoliya banki instituti faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya Markaziy bank tomonidan taqdim etiladi. Ularga esa bank xizmatlarini ruxsat etilgan shartlar asosida ko‘rsatish vakolati beriladi.
Shuningdek, qonun bilan mikromoliya tashkilotlarini mikromoliya banklariga va mikromoliya banklarini tijorat banklariga hamda aksincha transformatsiya qilish uchun huquqiy asos yaratilmoqda.
“Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida"gi qonunga kiritilgan qo‘shimcha bilan quyidagi kredit tashkilotlari o‘z faoliyatini o‘zgartirishi mumkin:
- mikromoliya tashkiloti — mikromoliya banki;
- mikromoliya banki — bank;
- bank — mikromoliya banki;
- mikromoliya banki — mikromoliya tashkiloti.
Qonun 2024-yilning avgust oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilingandi. Senat uni joriy yilning yanvar oyida ma’qullagan. Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Mikromoliya banki ustav kapitalining eng kam miqdori 50 mlrd so‘m etib belgilanadi. Aholi omonatlari kafolatlangan omonat miqdorida jalb qilinadi hamda 5 mlrd so‘mgacha kreditlar beriladi.
Ular faoliyatini bank faoliyatiga o‘zgartirish jarayoni ikki bosqichda amalga oshiriladi. Bu dastlabki ruxsatnomani olish hamda mikromoliya banki faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan litsenziyani qayta rasmiylashtirishdan iborat.
Shu bilan birga, ustav kapitaliga nisbatan belgilangan talabga javob bermagan banklar faoliyati tugatilmasdan, mikromoliya banki sifatida o‘z faoliyatini davom ettirish imkoniga ega bo‘ladi.
Mikromoliya banki faoliyati yo‘lga qo‘yilishi haqida o‘tgan yilning mart oyida Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abrorxo‘ja Turdaliyev ma’lum qilgandi. U moliya institutlari uchun aholi yoki kichik va o‘rta biznes bilan ishlash qulayroq ekanligini, mikrobiznes bilan o‘zaro hamkorlik individual yondashuvni talab qilishini qayd etgandi.
Avvalroq senatorlar kafolatlangan omonatlarni 200 mln so‘mgacha cheklashga qaratilgan qonunni ma’qullagandi.