Navoiy viloyatida o‘zboshimchalik bilan tarmoqqa ulanib, 644,2 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan MChJ aniqlandi.
“O‘zenergoinspeksiya” Navoiy viloyat hududiy boshqarmasi va viloyat prokuraturasi bilan hamkorlikda nazorat tadbiri o‘tkazilgan.
Unda Konimex tumanida faoliyat yuritayotgan “G.R.” MChJga qarashli binoda ta‘minot korxonasi bilan shartnoma tuzmasdan o‘zboshimchalik bilan elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilganligi aniqlandi.
Ushbu qoidabuzarlik natijasida dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra elektr ta’minoti korxonasiga 644,2 mln so‘mlik zarar yetkazilganligi ma’lum bo‘ldi.
Mazkur holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.
Avvalroq “Spot” Toshkentda 1,7 mlrd so‘mlik elektr energiyasi talon-toroj qilingani haqida yozgandi.
Xususan, tadbirkor elektr hisoblagichiga tashqi ta’sir ko‘rsatib, tijorat maqsadida 2 mln kVt soat elektr energiyasidan o‘g‘irlik yo‘li bilan foydalangan.