Toshkent shahri yagona parking axborot tizimini ishlab chiqish bo‘yicha tenderda “Streetpark Systems” kompaniyasi g‘olib bo‘ldi. Bu haqda Respublika tovar-xomashyo birjasining elektron davlat xaridlari tizimi ma’lumotlarida keltirilgan.

Bu bo‘yicha tender 2024-yilning dekabr oyida “Toshkent Invest kompaniyasi” tomonidan o‘tkazildi. Uning doirasida avtotransport to‘xtash joylarini boshqarish va ulardan foydalanishni avtomatlashtirish uchun dasturiy ta’minot majmuasini yaratish va texnik qo‘llab-quvvatlashni tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Savdo shartlariga ko‘ra, shartnoma 10 yilga tuziladi. Savdoning boshlang‘ich narxi 8,22 mlrd so‘m etib belgilandi.

Savdoda ikkita kompaniya — “Intermobiliti” va “Streetpark Systems” ishtirok etdi. Ular ishni mos ravishda 7,15 mlrd so‘m va 6,78 mlrd so‘m narxida (QQSsiz) bajarishni taklif qilishdi.

davlat xaridlari, pulli parkovka, streetpark systems, tender

Xarid komissiyasi 29-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda “Streetpark Systems"ga eng yuqori ball berdi. Shartnomaning umumiy qiymati QQS bilan 7,59 mlrd so‘mni tashkil etdi.

17-dekabr kuni kompaniya poytaxt ko‘chalarida pullik avtoturargohlarni tashkil etish huquqi uchun takroriy savdolarda g‘olib chiqqandi. “Streetpark Systems” auksionning ikkinchi bosqichida “parkovka” maydonlarini 3 yilga ijaraga olish uchun 62,93 mlrd so‘m taklif qilgan.

Noyabr oyi oxirida o‘tkazilgan birinchi auksionda “Balcomuz” qo‘shma korxonasi g‘olib bo‘lgandi. Kompaniya avtoturargohlar ijarasi uchun taxminan 120 mlrd so‘m taklif qilgan, ammo kelishuv tasdiqlanmagan.

Toshkentda pulli “parkovka"lar

2024-yilning oktabrida poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqov Toshkentda pulli to‘xtab turish joylarini tashkil etishga qaratilgan qarorni imzoladi. Unga ko‘ra, 2025-yilning avgust oyi oxirigacha 13,2 mingta pullik “parkovka” tashkil etish, kelgusida ularning sonini 84 mingtaga yetkazish rejalashtirilgan.

Bundan oldin hokimlik poytaxtda pulli to‘xtab turish joylarini tashkil etish tartibini tasdiqlangandi. Ulardan foydalanganlik uchun to‘lov miqdori tarif zonasidan kelib chiqib, soatiga 5 ming so‘mdan 12 ming so‘mgachani tashkil etadi.

Barcha tumanlarda ijaraga beriladigan maydonlarning umumiy hajmi 262,8 ming kvadrat metrni tashkil etadi.

Avvalroq Toshkent-Andijon pullik avtomobil yo‘li loyihasining birinchi bosqichi bo‘yicha tender boshlangani haqida xabar berilgandi.