11-fevral kuni qabul qilingan hukumat qarori bilan maktab o‘quvchilarini kasb-hunarga o‘qitishda tadbirkorlarni jalb etishga qaratilgan nizom tasdiqlandi.

Hujjat o‘quvchilarni kasb-hunarga o‘qitishda umumiy o‘rta ta’lim muassasalari bilan tadbirkorlar va hunarmandlarning o‘zaro hamkorlik qilish tartibini belgilaydi.

Bunda ularning hamkorlik yo‘nalishlari, maktablarning bo‘sh turgan binolarini tadbirkorlarga ijaraga berishda tomonlarning majburiyatlari nazarda tutilgan.

2025-yildan 8-sinf o‘quvchilari uchun sanoat, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, agrotexnologiya sohalaridagi korxona va tashkilotlarga ekskursiyalar tashkil etiladi. Kasb to‘garaklariga qiziqishi bo‘lgan 7−11-sinf o‘quvchilari jalb etiladi.

2024−2025 o‘quv yili yakunigacha maktab bitiruvchilarini egallaydigan kasb-hunari bo‘yicha amaliy imtihondan o‘tkazilib, ularga elektron sertifikat beriladi.

O‘tgan yil boshida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda maktablarda 50ta kasb-hunar ro‘yxati tuzilib, o‘quv va amaliyot dasturlari ishlab chiqilishi ma’lum qilingandi.

Undan keyin, fevral oyida qabul qilingan davlat rahbari qarori bilan maktablarning yuqori sinflarida biznes va IT-kasblarga tayyorlash dasturlari yo‘lga qo‘yilishi belgilandi. Biznes va kasb-hunarga o‘qitish yo‘nalishida ustaxonalar tashkil etilib, yuqori maoshli Kasbiy ta’lim ustasi lavozimi joriy qilinadi.

Maktablarning bo‘sh binolari “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturi ishtirokchilariga amaliy monomarkazni tashkil qilish va keyinchalik o‘quvchilarni kasb-hunarga o‘qitishga ajratiladi. Bunda binolarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida tekin foydalanishga berishga ruxsat etiladi.

Avvalroq sotilmagan davlat obyektlari tadbirkorlarga 10 yilga to‘g‘ridan to‘g‘ri ijaraga berilishi ma’lum qilingandi. Ular ijara to‘lovini to‘rt yilgacha vaqtida to‘lasa, joyni xususiylashtirib olishlari mumkin bo‘ladi. IT va chet tili kurslarini tashkil etganlardan esa, birinchi yil ijara to‘lovi olinmaydi.