Avvalroq aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini moliyalashtirish tartibini yaxshilashga qaratilgan prezident farmoni qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan 2025-yilning 1-aprelidan “Ijtimoiy daftarlar” jamg‘armalari orqali ko‘rsatiladigan ijtimoiy yordamlar Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarga beriladi.
Uy-joy sharoitlarini yaxshilash va tibbiy xizmatlar bo‘yicha ijtimoiy yordamlar oylik daromadi oila a’zolarining har biriga minimal iste’mol xarajatlari miqdorining 2 baravaridan ko‘p bo‘lmagan oilalarga taqdim etiladi.
Bunda madaniy-ma'rifiy, ta’lim, sport va turizm tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishga ayollar va yoshlar daftarlari jamg‘armalari tushumlarining 25%i dan ko‘p bo‘lmagan qismini yo‘naltirishga ruxsat beriladi.
“Ijtimoiy daftarlar” jamg‘armalari orqali ko‘rsatiladigan ijtimoiy yordamlar tartibi belgilandi. Endi oilalarni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha individual rejada kambag‘al oilalarning yoshlari va xotin-qizlariga ijtimoiy yordamlarning belgilanishi ular murojaatisiz jamg‘armalar hisobidan yordamlar ko‘rsatilishiga asos bo‘ladi.
“Daftarlar” jamg‘armalari hisobidan ijtimoiy yordam so‘rab murojaat qilganlarning ijtimoiy holatini aniqlash “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi orqali amalga oshiriladi. Oilaning moliyaviy holati idoralararo axborot almashinuvi orqali avtomatik ravishda baholash (skoring) natijalari asosida aniqlanadi.
1-apreldan Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalar uchun jamg‘armalar orqali qo‘llab-quvvatlashning yangi instrumentlari joriy etiladi.
3 nafargacha ehtiyojmand aholi (xotin-qizlar, yoshlar va boshqalar) bandligi hamda ijtimoiy faolligini ta’minlashga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirishga BHMning 60 baravari (22,5 mln so‘m) gacha grantlar ajratiladi. Mablag‘lar ayollar va yoshlar daftarlari va “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armalari hisobidan taqdim etiladi.
“Yoshlar daftari” jamg‘armasi hisobidan nogironligi bo‘lgan yoshlarga parasport to‘garaklariga qatnashishi uchun yo‘l haqi xarajatlari qoplab beriladi. Uning miqdori har oyda BHMning 1 baravari (375 ming so‘m) ni tashkil etadi.
Shuningdek, 6 oy davomida muntazam sport va san’at to‘garaklariga qatnashayotgan yoshlarga qiymati BHMning 10 baravari (3,75 mln so‘m) dan oshmaydigan maxsus sport forma, inventar, musiqa va cholg‘u asboblarini xarid qilish xarajatlari qoplab beriladi.
Yong‘in, suv toshqini, zilzila va boshqa texnogen hodisalar oqibatida zarar ko‘rgan oilalarga uy-joylarini tiklash va ta’mirlash xarajatlarini qoplash uchun “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi orqali BHMning 150 baravari (56,25 mln so‘m) gacha yordam ko‘rsatiladi.
Avvalroq O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 9% dan pasaygani haqida xabar berilgandi. 2024-yil yakuni bilan kambag‘allik darajasi 11% dan 8,9% ga yoki 719 ming nafar aholiga kamaydi.