AQSh prezidenti Donald Trampning $Trump memkoiniga sarmoya kiritgan yuz minglab investorlar qariyb $2 mlrdr yo‘qotdi, deb xabar berdi “The New York Times” gazetasi “Chainalysis” tahliliy kompaniyasi ma’lumotlariga tayanib.
Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, memkoin ishga tushirilgandan keyingi dastlabki 19 kun ichida jami 813 294 nafar kripto-hamyon egasi zarar ko‘rgan.
“NYT"ning yozishicha, hozirgi narxidan yuqoriroq to‘lov qilganlar zarar ko‘rgan. Shunday bo‘lsa-da, bu treyderlarning aksariyati zarardagi tokenlarini saqlab turibdi, ehtimol ularning narxi yana ko‘tarilishiga umid qilmoqda.
“Chainalysis” ma’lumotlariga ko‘ra, asosan memkoinning dastlabki xaridorlari foyda ko‘rgan bo‘lib, naqd pulga aylantirilgan foydaning umumiy miqdori $6,6 mlrdni tashkil etgan.
Tahlil kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Trampning oilasi va hamkorlari savdo yig‘imlari shaklida deyarli $100 mln olgan, biroq bu mablag‘larning aksariyati hali naqdlashtirilmagan.
Xabar yozilayotgan paytda $Trump memkoini $14,77 dan sotilgan bo‘lsa, narxning eng yuqori nuqtasida esa $75ga yetgan edi.
Bu shunday tokenlar bozori uchun odatiy holat: yirik ishtirokchilar avval aktivga qiziqish uyg‘otadi, so‘ngra qiymat oshishi fonida o‘z zaxiralarini sota boshlaydi, bu esa narxning tushishiga olib keladi.
AQShning Qimmatli qog‘ozlar va birjalar bo‘yicha komissiyasining sobiq kripto-maslahatchisi Kori Freyer aytishicha, Donald Tramp investorlarga zarar yetkazuvchi shubhali kripto-sxemalarda qatnashmoqda.
Shu bilan birga, u jabrlanuvchilarni himoya qilish choralarini bekor qiladigan, ammo Tramp va uning oilasini himoya qiladigan nazoratchilarni tayinlamoqda.
Avvalroq “Spot” Trampning import bojlari tufayli jahon avtomobil sanoati har yili $33 mlrd yo‘qotishi haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, eng katta yo‘qotishlarga “General Motors”, “Stellantis” va “Toyota” kompaniyalari duch keladi.