2024-yilda Markaziy bank $7,6 mlrdlik valyuta intervensiyalarini amalga oshirdi. Bu haqda 12-fevral kuni bo‘lib o‘tgan media-muloqotda Monetar operatsiyalar departamenti rahbari Alimardon Adilov ma’lum qildi, deb xabar berdi “Spot” muxbiri.
Adilov Markaziy bankning pul bozori bo‘yicha birinchi chorak hisobotida nima uchun sof valyuta intervensiyalari hajmi ko‘rsatilmagani haqidagi “Spot” jurnalistining savoliga bu texnik muammo bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini aytdi.
O‘tgan yilning birinchi choragida valyuta bozoridagi intervensiyalarning sof hajmi $3,5 mlrdni, ikkinchi chorakda $1,6 mlrdni, uchinchi chorakda $0,5 mlrdni, to‘rtinchi chorakda esa $2 mlrdni tashkil etdi. 2023-yilga nisbatan regulyatorning valyuta intervensiyalari 6% dan ko‘proqqa — $8,1 mlrddan $7,6 mlrdgacha kamaydi.
“2024-yilning birinchi choragida boshqa davrlarga nisbatan ko‘proq valyuta intervensiyalari amalga oshirildi. Bu yanvar va fevral oylarida valyutaga bo‘lgan talabning biroz oshgani bilan bog‘liq, 2023-yilda ham shu holat kuzatildi”, — dedi Markaziy bank vakili.
Adilovning ta’kidlashicha, 2024-yil boshida valyutaga bo‘lgan talabning oshishi o‘zbek so‘mining qadrsizlanish sur’atlarining tezlashishiga olib keldi. O‘tgan yilning yanvar-mart oylarida Amerika valyutasi 2,27% ga qimmatlashib, 12 620 so‘mlik ko‘rsatkichdan oshdi. Masalan, 2024-yil yakunida milliy valyuta dollarga nisbatan 4,71% ga arzonladi (bu 2023-yilga nisbatan ikki baravar past).
Undan keyin boshqa omillar, jumladan, eksport tushumlari va pul o‘tkazmalari valyuta taklifini oshirdi va so‘mning qadrsizlanishini yumshatdi. Shu sababli Markaziy bank bozordagi valyuta intervensiyalari hajmini kamaytirdi.
Regulyator oltin-valyuta zaxiralarining “neytrallik tamoyili” asosida valyuta intervensiyalarini amalga oshiradi. Bu tamoyil regulyator tomonidan valyuta mablag‘larini sof sotish hajmlarini yil davomida sotib olingan monetar oltin doirasida ushlab turishni nazarda tutadi, ya’ni Markaziy bank valyutani sotib olingan oltindan past summaga sotishga harakat qiladi. 2024-yilda O‘zbekiston oltin eksporti $7,48 mlrdni (8,3% ga pasayish) tashkil etdi.
Avvalroq AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo urushi O‘zbekiston savdo balansi taqchilligini oshirishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.