Muslimbek Akramov 2003-yil Andijon viloyatida tug‘ilgan. Dastlab maktabni yuqori natijalar bilan tugatgan. Shundan so‘ng bakalavr bosqichini O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining madaniyatlararo kommunikatsiyaning lingvistik ta’minoti yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan. Hozirda Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida joylashgan Taylor’s universitetining kommunikatsiya yo‘nalishi bo‘yicha magistraturada tahsil olmoqda.

U nega bu mamlakatni tanlagani, ta’lim jarayoni hamda universitet tomonidan taqdim etiladigan grant uchun kerak bo‘ladigan hujjatlar haqida “Spot"ga so‘zlab berdi.


O‘qishga kirgandim, lekin…

O‘zbekistonda bakalavr ta’limini olish jarayonida bir qator xalqaro tashkilotlarda faoliyat yuritdim. Aynan shu davr mobaynida xorijda ta’lim olayotgan yoshlar bilan muntazam aloqada bo‘lishga to‘g‘ri kelardi: ular bilan loyihalar qilish, xorijdagi vatandoshlarimizga yordam berish singari.

O‘qishimni tugatgach, aynan bir mutaxassislik doirasida cheklanib qolmaslik, shuningdek boshqaruv qobiliyatimni rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston bank-moliya akademiyasiga hujjat topshirdim.

Imtihon natijalari e’lon qilindi: akademiyaning loyiha boshqaruvi yo‘nalishiga o‘qishga qabul qilinibman. Juda ko‘pchilik tanishlarim O‘zbekistonda ta’lim olishimni, shu yerda qolib karyeram yo‘lida katta muvaffaqiyatlarga erishishim mumkinligini maslahat berishdi.

Lekin menga xorij tajribasini o‘rganish, u yerdagi sifatli tizim imkoniyatlaridan ham foydalanish va mustaqil rivojlanish orqali turli vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilish, eng muhimi, xalqaro va turli madaniy muhitda dunyoqarashni oshirish qiziq tuyulardi.

Nima uchun Malayziya?

Xohishlarimni hisobga olgan holda, xorijda ta’lim olishga qaror qildim-u, lekin qaysi davlat va oliygoh degan savol tug‘ila boshladi. Xorijda ta’lim oladigan tanishlarim ko‘p bo‘lgani sabab, ular bilan universitetlar haqida ko‘p gaplashardik. Malayziya davlati haqida iliq fikrlar eshitgach, u yerdagi universitetlar va ta’lim jarayonlari haqida ma’lumot izlay boshladim.

Foto: Muslimbek Akramovning shaxsiy arxividan

Shundan so‘ng “QS World” reytingi bo‘yicha dunyo universitetlari orasida 251-o‘rinda turuvchi Taylor’s oliygohining kommunikatsiya yo‘nalishini tanladim. Oliygoh tanlashda quyidagi jihatlarga alohida e’tibor berganman:

Ta’lim sifati va dasturi. Bu davlat ta’lim sifati va innovatsion yondashuvi bilan ajralib turadi: rivojlangan xalqaro aloqalari ham meni bu yerni tanlashga undadi. Shuningdek, Malayziya Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida yuqori darajali ilmiy izlanish markazi sifatida tanilgan. Bundan tashqari, o‘zim qiziqqan soha — media kommunikatsiya yo‘nalishida bir yarim yil davomida xalqaro tajribaga ega ustozlardan ta’lim olishim mumkin.

Madaniyat va qarashlarning o‘xshashligi. Madaniyati ham bizga yaqin: bu yerda istiqomat qiluvchi aholi musulmon bo‘lgani ham aynan shu davlatda ta’lim olishimga yana bir sabab bo‘lgan.

Xarajatlar uchun minimal to‘lov. Mamlakatda yashash xarajatlari boshqa davlatlarga qaraganda arzonroq.

Hujjat toshirish jarayoni

Universitetga hujjat topshirish jarayonida bakalavr diplomi, baholarimni tasdiqlovchi hujjatlar, IELTS sertifikati va motivatsion insho talab qilindi. Bu jarayonda akademik tavsiyanomalar ham katta rol o‘ynadi.

Shu sababli, xorijda ta’lim olishni istagan yoshlar albatta akademik ko‘rsatkichlari va tavsiyanomalarga e’tibor berishlari kerak. Menda IELTS 6, diplom balim esa 98 edi.

Universitetga hujjatlarni uning rasmiy sahifalari orqali topshirsa bo‘ladi. Bundan tashqari, oliygohlarning rasmiy vakillari orqali ham hujjatlar qabul qilinadi. Men Malayziya elchixonasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan “QStudy” xalqaro ta’lim tashkiloti orqali hujjatlarimni topshirganman.

malayziya, taylor's, xorijda ta'lim, Muslimbek Akramov

Foto: shaxsiy arxiv

Viza olish tartibi

Universitetdan qabul xati kelganidan so‘ng tezda vizaga hujjat topshirish kerak — qancha erta boshlasangiz shuncha yaxshi. Malayziyaga vizani “Education Malaysia Global Services” (EMGS) portali orqali amalga oshirish mumkin.

Unda barcha kerakli ma’lumotlar berilgan. To‘lovlar ham birdan veb-sayt orqali amalga oshiriladi. Narxlar esa sug‘urta bilan birga o‘rtacha $500-$750 (bu qancha muddat bo‘lishingizga bog‘liq) oralig‘ida.

Kerak bo‘ladigan asosiy hujjatlar quyidagilar:

  1. Universitetga qabul qilinganlik xati;
  2. Chet elga chiqish pasporti;
  3. Oldingi o‘quv yilini tugatganlik haqida guvohnoma;
  4. Tibbiy hujjat (hech qanday kasalligi yo‘qligi kabilar bo‘yicha).

Ushbu davlatga viza 1 yildan 3 yilgacha beriladi (men 3 yilga olganman), shunday bo‘lsa-da, uni har yili universitet tomonidan yangilab turish kerak.

Viza holati to‘liq yuz foiz bo‘lguncha bir necha oy o‘tishi mumkin. Bu vaqt ichida viza holati ma’lum bir foizga yetganidan keyin Malayziyaga borish kerak bo‘ladi va buning uchun 3 oy muhlat beriladi.

Grant yutish jarayoni

Hujjatlarimni topshirganimdan so‘ng qabul javobini kuta boshladim. Bu xat yoki meni O‘zbekistonda qolib ta’lim olishga yoki aksincha xorijda o‘qib, tajriba oshirishimga poydevor bo‘lardi.

Vanihoyat, universitetdan ijobiy javob xati oldim. “QStudy” tashkiloti mendagi akademik tavsiyanomalar, diplom ko‘rsatkichlari va IELTS balimni hisobga olgan holda universitetda ta’lim olishimni to‘liq qoplab berishganini ma’lum qilishdi.

Agar xorijda menga o‘xshab tashkilot tomonidan grant yutmoqchi bo‘lgan yoshlar bo‘lsa, yuqorida aytib o‘tgan jihatlarimga alohida e’tibor berishlari kerak. Tashkilotlar asosan, grant berishda akademik tavsiyanomalarni inobatga oladi. Taqdim etiladigan grantlar soni ko‘p bo‘lmaydi, buni tashkilotning o‘zi belgilaydi. Bu haqidagi so‘ngi ma’lumotlardan elchixona, tashkilot saytlarini kuzatib borgan holda xabardor bo‘lish lozim.

Ta’lim tizimi

Malayziyada qabul jarayonlari odatda yil davomida ikki yoki uch marta — fevral, iyul va oktyabr oylarida tashkil etiladi. Magistratura darajasi bir yarim yilga mo‘ljallangan bo‘lib, 3 semestr davom etadi.

Darslar Buyuk Britaniya modeliga asoslangan. Bu yerda amaliyotga katta e’tibor qaratilib, o‘quv jarayoni xalqaro standartlarga moslashtirilgan. Talabalarga global miqyosda muvaffaqiyat qozonish uchun zarur bilim va ko‘nikmalar beriladi. Men tanlagan yo‘nalish kommunikatsiya bo‘lganligi sababi unda yuqori texnologiyalar, xalqaro aloqalarni yangi tizim orqali o‘rganish muhim ahamiyatni kasb etadi.

Malayziyadagi hayot va xarajatlar

Bu yerdagi asosiy qiyinchiliklardan biri ob-havoning issiqligi va nam iqlim bilan bog‘liq. Boshlang‘ich davrda yangi muhitga moslashish ham biroz vaqt oldi.

Kuala-Lumpurda oylik xarajatlar odatda $400−600ini tashkil etadi. Narx ichiga ovqatlanish, kunlik xarajatlar kiradi. Misol uchun, restoran yoki kafelarga kiradigan bo‘lsangiz taxminan $4 ketadi: bu O‘zbekiston bilan bir xil, ba’zan undan ham arzonroqdir.

Foto: shaxsiy arxiv

Diqqatga sazovor bo‘lgan joylarni sayohat qilmoqchi bo‘lsangiz, jamoat transporti narxi $1,5 — to‘g‘ri bu O‘zbekistonga nisbatan qimmat, lekin “ATTO” tizimiga o‘xshagan Touch’n Go (TNG) kabi kartalardan elektron to‘lov qilinsa, narxlar bir necha barovar arzonlashadi.

Muzey, saylgohlarga kirish narxi o‘rtacha $5ni tashkil etadi. Agar ijaraga xona olib yashamoqchi bo‘lsangiz oyiga $80 sarflaysiz.

Maslahatlar. Agar xorijda tahsil olishni maqsad qilgan bo‘lsangiz, o‘zingiz qiziqqan yoki oldin tajriba orttirgan yo‘nalishga hujjat topshiring, chunki bu sizga o‘qish davomida har qanday akademik qiyinchiliklarni osonroq yengib o‘tishingizni ta’minlaydi. Xorijga aynan bir maqsad yo‘lida keting, ishlash uchunmi, unda ishlashni birinchi ustuvor vazifa sifatida tanlang. Agar ta’lim olib, o‘z yo‘nalishingizning mutaxassisi bo‘lmoqchi bo‘lsangiz unda o‘qishni asosiy maqsad qilib belgilang va mashaqqatdan so‘ng uning hosilini ko‘ring.

Rajalar. Kelajakda media va kommunikatsiya sohasida yetuk bilimga ega bo‘lgan mutaxassis bo‘lib, vatanimizning xalqaro maydondagi o‘rnini mustahkamlashga hissamni qo‘shmoqchiman.