O‘zbekiston 2025-yilda suveren yevroobligatsiyalar chiqarishni ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda 12-fevral kuni Markaziy bank media-muloqotida Iqtisodiyot va moliya vazirligi Davlat qarzi departamenti direktori o‘rinbosari Behruz Karimov ma’lum qildi, deb xabar berdi “Spot” muxbiri.

Karimov 2024-yilning uchinchi choragi yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonning suveren yevroobligatsiyalari bo‘yicha qarz qoldig‘i miqdori $4,1 mlrdni tashkil etishini tasdiqladi.

“Biz joriy yilda ham xalqaro bozorga chiqishni ko‘zda tutyapmiz. Uning miqdorlari jahon moliya bozoridagi sharoitlardan kelib chiqqan holda belgilanadi”, — dedi vazirlik vakili.

Karimov chiqarilishi belgilanayotgan yevrobondlarning miqdori hali noma’lumligini, bu haqda keyinroq vazirlik saytida ma’lum qilinishini ta’kidladi.

“Avesta Investment Group” investitsiya kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda O‘zbekiston rekord darajadagi $4 mlrdlik yevroobligatsiyalar chiqargan. Bu mablag‘ning uchdan bir qismidan ko‘prog‘i hukumat hissasiga to‘g‘ri keldi, qolgan $2,6 mlrdi esa NKMK va banklar, jumladan, “O‘zsanoatqurilishbank”, “Agrobank”, “O‘zmilliybank” hamda “Ipoteka-bank” o‘rtasida taqsimlandi.

Yanvar oyida o‘tkazilgan yig‘ilishda prezident joriy yilda OKMKga $1 mlrdlik birinchi yevrobondini joylashtirish, NKMKga esa $500 mlnlik qo‘shimcha emissiya qilishni topshirdi. “Navoiyuran” va “O‘zmetkombinat” ham yevrobondlar hisobidan har biri $300 mlndan jalb qilishi kerak.

Bundan tashqari, “Uzbekistan Airways”, “Uzbekistan Airports” va Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tomonidan xalqaro kredit reytinglari olinishi kutilmoqda.

“Uzbekistan Airways” boshqaruvi raisi Shuhrat Xudayqulov Germaniyaning “Deutsche bank” banki bilan $100 mln jalb qilish bo‘yicha ishlar olib borilayotganini va kelishuv imzolanishini ma’lum qildi.

Avvalroq 2024-yilda Markaziy bank $7,6 mlrdlik valyuta intervensiyalarini amalga oshirgani haqida xabar berilgandi.