Toshkent va Andijon viloyatida energiya resurslariga noqonuniy ulanish holatlari fosh etildi.
“O‘zenergoinspeksiya” Andijon viloyat hududiy boshqarmasi va Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamkorligida nazorat tadbiri o‘tkazilgan.
Unda Andijon shahrida joylashgan “S.O.” MCHJ umumiy foydalanishdagi gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.
Ushbu qoidabuzarlik natijasida dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra gaz ta’minoti korxonasiga 103,6 mln so‘mlik zarar yetkazilganligi ma’lum bo‘ldi.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Shuningdek, Izboskan tumanida joylashgan “U.T.” MCHJga qarashli oshxonada hisoblagichga o‘rnatilgan plombani buzib, tabiiy gazdan noqonuniy ravishda foydalanib kelayotganligi aniqlandi.
Ushbu qoidabuzarlik natijasida dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra gaz ta’minoti korxonasiga 274,1 mln so‘mlik zarar yetkazilganligi ma‘lum bo‘ldi.
Qoidabuzar iste’molchiga nisbatan belgilangan tartibda chora ko‘rish uchun tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi.
Toshkent viloyatida 2 ta issiqxona tarmoqqa o‘zboshimchalik bilan ulanib tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganliklari aniqlandi.
“O‘zenergoinspeksiya” Toshkent viloyat hududiy boshqarmasi va viloyat prokuraturasi hamkorligida nazorat tadbirlari o‘tkazilgan.
Unda Qibray tumani “Obod” MFYda istiqomat qiluvchi fuqarolar R.M. va R.T.lar o‘z xonodonlarida issiqxonalar tashkil qilib, ta’minot korxonasi bilan shartnoma tuzmasdan tarmoqqa o‘zboshimchalik bilan ulanib, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganliklari aniqlandi.
Ushbu qoidabuzarliklar natijasida dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra gaz ta’minoti korxonasiga 601,2 mln so‘mlik zarar yetkazilganligi ma’lum bo‘ldi.
Mazkur holatlar yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.
Avvalroq “Spot” Qashqadaryoda 87,2 mln so‘mlik tabiiy gaz talon-toroj qilingani haqida yozgandi.
Xususan, Koson tumanidagi nodavlat ta’lim muassasasi o‘zboshimchalik bilan tabiiy gazdan noqonuniy ravishda foydalanib kelayotganligi aniqlandi.