Joriy yilning aprel oyida O‘zbekistonda elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflarining ko‘tarilishi inflyatsiyaning 2 foiz bandga oshishiga olib keladi. Bu haqda 12-fevral kuni o‘tkazilgan media-muloqotda Markaziy bank Pul-kredit siyosati departamenti direktori Samig‘jon Inog‘omov ma’lum qildi, deya xabar berdi “Spot” muxbiri.
Inog‘omov “Spot” jurnalistining 2026-yildan AI-80 benzini savdosini cheklashning inflyatsiyaga ta’siri haqidagi savolini bunday rejalar ilgari bir necha bor belgilanganiga qaramay, kechiktirilganini qayd etdi. Regulyator prognozlarni hisoblashda omillarni ikkiga — me’yoriy-huquqiy hujjatlar asosida davlat tomonidan tartibga solinadigan omillar hamda “noaniqlik va xatarlar” sifatida ko‘riladigan boshqa omillarga ajratadi.
“Aprel oyida elektr energiyasi, tabiiy gaz va metan tariflari oshirilishining inflyatsiyaga ta’siri bo‘yicha hisob-kitoblarimizni kiritdik. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, biz inflyatsiyaning o‘sishini 2 foiz bandga baholaganmiz. Bu joriy yil oxirida inflyatsiya 7−8% ni tashkil etishi bo‘yicha prognozlarimizda ham hisobga olingan”, — dedi Markaziy bank vakili.
Inog‘omovning qayd etishicha, aprel oyida yillik umumiy inflyatsiyaning o‘sish sur’atlari 2 foiz bandga biroz tezlashishi kutilmoqda. Biroq may oyida elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflarining o‘tgan yilgi oshishi inflyatsiyada hisobga olinmasligi sababli ko‘rsatkich pasayadi.
Yaqinda Markaziy bank tomonidan e’lon qilingan pul-kredit siyosatiga bo‘yicha hisobotda metan “zapravka"lar uchun gaz narxining oshishi transport xarajatlarining oshishi hisobiga mahsulot tannarxini oshirishi mumkinligi keltirilgandi.
2025-yilning 1-aprelidan barcha iste’molchilar, shu jumladan issiqlik elektr stansiyalari uchun tabiiy gaz tarifi 1 kub uchun 1 800 so‘mgacha oshiriladi. AGTKShlar uchun tabiiy gaz narxi 38,8% ga — 2 500 so‘mgacha ko‘tariladi.