12-fevral kuni qabul qilingan qonun bilan aholiga berilgan ipoteka kreditlarini takror moliyalashtirishning yangi mexanizmini yaratish belgilandi.

Qonun bilan bir qator qonun hujjatlariga ipoteka munosabatlariga elektron garov xatini joriy etish, ular bilan ta’minlangan majburiyatlarni bajarish hamda huquqlarni boshqa shaxsga o‘tkazish kabilarni belgilashni, talab qilish huquqlari hamda garov xati tugatish massasiga kiritilmasligini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

“Ipoteka to‘g‘risida"gi qonunga kiritilgan qo‘shimcha bilan elektron garov xatiga o‘zgartirishlar kiritish garov xatining qonuniy egasi va garovga qo‘yuvchi tomonidan elektron garov xatiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi kelishuv shaklini Yagona portalda to‘ldirish orqali amalga oshiriladi.

Elektron garov xatlari bo‘yicha huquqlarni boshqa shaxsga o‘tkazish depo hisobvarag‘iga tegishli yozuv kiritish orqali amalga oshiriladi.

Bunda, elektron xatga doir huquqlar oluvchining depo hisobiga yozuv kiritilgan paytdan boshlab unga o‘tadi va ko‘chirma bilan tasdiqlanadi. Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

Mazkur qonun loyihasi 2024-yilning sentabr oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilinib, Senat tomonidan dekabr oyida ma’qullangandi.

Avvalroq O‘zbekistonda ipoteka garovi bilan ta’minlangan qimmatli qog‘ozlarni chiqarish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi. Quruvchilar tomonidan majburiyatlarni bajarmaslik xavfini sug‘urta qilish samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.