“OpenAI” bosh direktori Sem Altman “X"dagi rasmiy sahifasida kompaniyaning yaqin kelajakdagi rejalari bilan o‘rtoqlashdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tez orada (bir necha hafta yoki oylardan so‘ng) yangi sun’iy intellekt modeli “GPT-4.5” chiqishi rejalashtirilgan, undan keyin esa eng kuchli va bepul “GPT-5” paydo bo‘ladi.
Kompaniya rahbarining ta’kidlashicha, “OpenAI” mahsulotlari qatori juda kengayib ketgan, ularning nomlari esa odamni chalg‘itadi. Shuning uchun ishlab chiquvchilar odatiy belgilarga qaytishni rejalashtirmoqdalar.
Ular uchun asosiy maqsad “o” seriyali modellar va GPT seriyali modellarni yagona tizimlarga birlashtirish bo‘ladi.
Shunday qilib, neyron tarmoqlar so‘rovlarni mustaqil ravishda tahlil qila oladi va “qachon uzoq o‘ylash kerakligini va qachon yo‘qligini tushunadi va umuman olganda, juda keng ko‘lamli vazifalar uchun foydali bo‘ladi”.
Ta’kidlanishicha, tez orada chiqadigan “GPT-4.5” fikrlar zanjiri funksiyasiga ega bo‘lmagan so‘nggi model bo‘ladi. Hozirda bu ishlanma Orion deb nomlanmoqda.
Keyinchalik, aniq vaqti ko‘rsatilmagan holda, “GPT-5” paydo bo‘ladi. Sem Altmanning yozishicha, ushbu chat-bot kompaniyaning ko‘plab texnologiyalari va ishlanmalarini, jumladan, “o3” versiyasini o‘zida mujassam etadi. Shu sababli, “o3” versiyasi “OpenAI"ning mavjud mahsulotlar ro‘yxatidan chiqarib tashlanadi.
Avvalroq “Spot” “OpenAI” rahbari Sem Altman smartfon o‘rnini bosuvchi qurilma chiqarishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.
Kompaniya sun’iy intellekt vositalariga asoslangan va ovozli interfeysga ega bo‘lgan ko‘chma qurilmani tayyorlamoqda. U ovozli buyruqlar orqali boshqariladi.