O‘zbekistonda ichimlik va oqova suv uchun to‘lovlarni nazoratchilar orqali naqd pulda qabul qilish to‘liq to‘xtatildi. Bu haqda 12-fevral kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida “O‘zsuvta'minot” raisi o‘rinbosari Xurshid Rahmatullayev ma’lum qildi.
O‘tgan yilning 1-dekabridan suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari uchun to‘lovlar faqat elektron shaklda qabul qilina boshlandi. Rahmatullayevning qayd etishicha, bu so‘nggi ikki yilda hududlar kesimida iste’molchilarni o‘rgatish va dasturiy vositalarni takomillashtirish uchun bosqichma-bosqich joriy etildi.
“1-dekabrdan nazoratchilar tomonidan eshikni taqillatib [aholidan] naqd pul yig‘ish faoliyatlari to‘xtatilgan. Biz mazkur sanadan keyin nazoratchiga berilgan pullarning billing baza yoki abonent hisobraqamida ko‘rinishiga kafolat bermaymiz”, — dedi u
Foto: “O‘zsuvta'minot”. Xurshid Rahmatullayev (o‘ngdan ikkinchi).
Xurshid Rahmatullayev ichimlik suvi uchun to‘lovlarni banklar, infokiosklar, to‘lov tizimlari va “Telegram"dagi maxsus botlar orqali amalga oshirish kerakligini ta’kidladi. Hozirda botdan foydalanuvchilar soni 26 mingga yetgan.
Shuningdek, “O‘zsuvta'minot” raisi o‘rinbosari nazoratchilar tomonidan qarzdorlik qog‘ozlarining berilishiga chek qo‘yilganini qayd etdi. Bu kabi holatlar aniqlangan taqdirda, kompaniya tomonidan nazoratga olinib, tegishli choralar ko‘riladi.
Rahmatullayev bu kabi qonun buzilishi holatlari kuzatilsa, fuqarolardan 12 55 yagona qisqa ishonch raqamiga, korrupsiya bo‘yicha esa +998 55 555 10 55 ishonch raqamiga murojaat qilishlarini so‘radi.
Avvalroq Bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov 1-martgacha 850 dan ortiq mahallalarning suv ta’minotini yaxshilash rejalashtirilganini, buning uchun 250 mlrd so‘m ajratilganini ma’lum qilgandi.