Toshkentga 1000 ta “Yutong” avtobuslarini olib kelish imkoniyatlari o‘rganilmoqda. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Vazir Ilhom Mahkamov Xitoyning “Yutong Bus” kompaniyasining xalqaro marketing bo‘yicha vitse-prezidenti Syuy Pen bilan uchrashdi. Tomonlar jamoat transporti tizimini rivojlantirish uchun harakat tarkiblarini yangilash vazifalarini muhokama qildi.

Xususan, 200 ta elektrobus sotib olish loyihasining hozirgi holati hamda Toshkent shahri uchun yana 1000 ta avtobus sotib olish bo‘yicha istiqbolli loyiha yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, xususiy tadbirkorlar tomonidan elektrobuslarni sotib olish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bilan bog‘liq jihatlar ko‘rib chiqildi.

Vazir O‘zbekistonda foydalanilayotgan “Yutong” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan avtobus va elektrobuslar soni ortib borayotganidan kelib chiqib, kompaniya tomonidan ko‘rsatilayotgan servis xizmatlarini kuchaytirish zarurligini alohida ta’kidladi.

2023-yilning avgustida Xitoy kompaniyasi bilan Namanganga 100 ta avtobus yetkazib berishga kelishildi. 2024-yilning yanvarida Samarqand viloyatiga 100 ta elektr avtobus va 50 ta quvvatlantirish stansiyasi sotib olish bo‘yicha “Yutong Bus” bilan $29,7 mlnlik shartnoma imzolandi.

Joriy yil boshida e’lon qilingan 2025-yilgi davlat dasturi loyihasi bilan poytaxt jamoat transporti uchun 200 ta elektrobus hamda ular uchun quvvatlash uskunalarini olib kelish taklif etilgandi.

Undan keyin Ilhom Mahkamov prezident huzurida o‘tkazilgan transport-logistika tizimini rivojlantirish bo‘yicha taqdimotda 2025-yilda Toshkentga qo‘shimcha 1000 ta avtobus olib kelish bo‘yicha topshiriq berganini ma’lum qildi.