Sun’iy intellekt odamlarning aqliy qobiliyatini pasaytiradi. Bu haqda “Microsoft” tomonidan Karnegi Mellon universiteti bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadqiqot natijalarida ma’lum qilingan.

Kundalik vazifalarni sun’iy intellektga topshirish orqali inson tanqidiy fikrlash qobiliyatini zaiflashtirib, aqliy qobiliyatlarini pasaytirishi mumkin.

Tadqiqot ishtirokchilari neyron tarmoqlarga qanchalik ko‘p tayanishsa, miyalari shunchalik yomon ishlagan. Biroq, ular sun’iy intellektning imkoniyatlariga shubha bildirishi bilanoq, kognitiv “mushaklar” darhol ishga tushgan.

Tadqiqot doirasida 319 nafar mutaxassis o‘rtasida so‘rov o‘tkazildi, ular o‘z kasbiy faoliyatida generativ sun’iy intellektni qo‘llash bo‘yicha 936 ta misol bilan o‘rtoqlashdilar.

Ishtirokchilardan qanday vositalardan foydalanishlari, sun’iy intellekt natijalariga qanchalik ishonishlari va texnologiya yordamisiz bir xil vazifalarni bajarish ko‘nikmalariga ishonchlari bor-yo‘qligi so‘raldi.

Foydalanish misollari orasida: “DALL-E” yordamida maktab taqdimoti uchun rasmlar yaratuvchi o‘qituvchi, yangi strategiyalarni topish uchun “ChatGPT"ni qo‘llovchi treyder, model tomonidan yaratilgan bemorlar uchun o‘quv materialini tekshiruvchi hamshira.

Natijalar shuni ko‘rsatdiki, sun’iy intellekt imkoniyatlariga bo‘lgan ishonch yuqori bo‘lganda, xodimlar tanqidiy fikrlashni kamroq qo‘llaganlar. Ular javoblarni qo‘shimcha tahlil qilishga kirishmagan.

Sun’iy intellektga bo‘lgan ishonch past bo‘lgan holatlarda esa, mutaxassislar ko‘proq tanqidiy yondashuvni namoyish etib, sun’iy intellekt taqdim etgan natijalarni tez-tez yaxshilashgan.

Qayd etilishicha, ilgari odamlar qarindoshlarining telefon raqamlarini yoddan bilishardi, hozir esa ko‘pi bilan faqat o‘zlarining raqamini bilishadi. Xuddi shunday, makonda mo‘ljal olish masalasida ham — Google Xaritalarsiz ko‘pchilik uchun yo‘l topish qiyinlashib qolgan.

Biroq, tadqiqotchilar ta’kidlaydilarki, bunday xavotirlar yangi emas. Oldin yozuv, matbaa, kalkulyator kabi yangiliklarning paydo bo‘lishi ham ularning inson tafakkuriga ta’siri haqida tashvish uyg‘otgan.

Texnologiyalardan noto‘g‘ri foydalanilganda, bu haqiqatan ham kognitiv qobiliyatlarning pasayishiga olib kelishi mumkin. Sun’iy intellekt vositalarini tanqidiy fikrlashni rivojlantirishga ko‘maklashadigan tarzda ishlab chiqish muhim. Masalan, ular o‘z qarorlarini tushuntirib berishi yoki foydalanuvchi tomonidan takomillashtirish uchun sohalarni tavsiya etishi mumkin.


Avvalroq “Spot” sun’iy intellektni qo‘llash xodimlarning charchashiga olib kelishi haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, sun’iy intellekt xodimlarning ish yuki va stressini oshirib, unumdorlikni pasaytiradi.