2024-yil oxirida Toshkentdagi tadbirkorlarning gaz va elektr ta’minotidagi uzilishlar bo‘yicha shikoyatlari keskin oshdi. Bu haqda Markaziy bankning to‘rtinchi chorak bo‘yicha biznes kayfiyati sharhida keltirilgan.

O‘tgan yilning oktabr-dekabr oylarida so‘rovda qatnashgan tadbirkorlarning 53%i joylarda biznes muhiti yaxshilanganini ma’lum qilgan (III chorakda — 57%). Asosiy ijobiy omillar sifatida bank xizmatlarining yaxshilanishi va kredit olish imkoniyatlarining kengayishi qayd etildi. Shu bilan birga, litsenziya va ruxsatnomalarning olinishi, raqobat muhitida kuzatilgan o‘zgarishlar muhit yaxshilanishiga xizmat qildi.

Bojxona tariflari va cheklovlari, soliq ma’murchiligi, monopollashuv, yo‘llar infratuzilmasi hamda gaz va elektr ta’minoti tizimida sezilarli darajada yaxshilanishlar qayd etildi.

Toshkentda biznes kayfiyati yaxshilanganini bildirgan respondentlar soni 52% gacha kamaydi. Bu sohalar kesimida ishlab chiqarish, qurilish, ta’lim va kommunal xizmatlarga to‘g‘ri keldi. Baholarning yomonlashishi ta’minot, qishloq xo‘jaligi, savdo va moliya sohalarida qayd etildi.

Markaziy bankning ma’lum qilishicha, yil oxirida gaz va elektr ta’minotida uchinchi chorakda kuzatilgan ijobiy tendensiyalar biroz yomonlashgan. Respondentlarning taxminan yarmi o‘zgarishlarni sezishmadi, shu bilan birga, 30%i yaxshilanganini, taxminan 25%i yomonlashganini ta’kidladilar.

“Yoqilg‘i va energiya iste’moli oldinggi chorakka nisbatan oshgan bo‘lsa, ishlab chiqarish hajmi biroz pasaygan”, — deyiladi regulyator xabarida.

Past ishlab chiqarish quvvatlarida ishlagan tadbirkorlar soni 55% ga (uchinchi chorakda 50%) oshgan. Biznes to‘liq faoliyat yuritmaslikning asosiy sababi sifatida gaz va elektr ta’minotidagi uzilishlarni ko‘rsatdi. Xususan, choraklik ko‘rsatkich 19% dan 25% ga oshdi.

Shuningdek, asosiy sabablar qatoriga ijara narxining oshishi (17%), aylanma mablag‘lar va talabning yetarli emasligi (har biri 16% dan) ham kiritilgan bo‘lib, Markaziy bank bu borada biroz yaxshilanishni qayd etmoqda. O‘z navbatida, tadbirkorlarning soliq tizimidagi qiyinchiliklar, yoqilg‘i narxining oshishi (16% dan) va iqtisodiyotdagi noaniqliklar (14%) bo‘yicha shikoyatlari ko‘paygan.

Keyingi chorakda respondentlarning 62%i iqtisodiy va ishbilarmonlik istiqbollarining yaxshilanishini (+6 foiz punkt) kutmoqda, 25%i o‘zgarishlarni kutmayapti (-8 foiz punkt), 11%i esa muhit yomonlashadi (-2 foiz punkt) degan fikrda.

Avvalroq “O‘zenergoinspeksiya"ga energiya resurslaridan foydalanishni 24 soat davomida tekshirishga ruxsat berilgani ma’lum qilingandi.