Avvalroq 14-fevral kuni Shavkat Mirziyoyevning Ko‘ksaroy qarorgohida yoshlar bilan muloqoti o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.
Unda servis sohasida ham yoshlar uchun imkoniyatlar kengaytirilishi ma’lum qilindi. Yosh xodimlarni ishga olib, 3 mln so‘mgacha oylik to‘lagan tadbirkorlarga ijtimoiy soliq 1% etib belgilanadi. Bu imtiyoz 3 yilga amal qiladi.
Bundan tashqari, “Yoshlar daftari” tizimini yangilash va transformatsiya qilish vaqti kelgani ta’kidlandi. Mutasaddilarga yoshlarga ko‘rsatilayotgan barcha turdagi ijtimoiy paketlarni to‘liq xatlovdan o‘tkazib, ularni maqbullashtirish va natijadorligini oshirish bo‘yicha taklif kiritish topshirildi.
Mamlakatda kreativ iqtisodiyot sohasida faoliyat ko‘rsatayotganlarning 98%i yoshlar ekanligi qayd etildi. O‘tgan yili kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha qonun qabul qilinib, uning huquqiy asoslari belgilangandi.
Toshkent shahridagi “Yoshlar ijod saroyi"da namunaviy “Kreativ park” tashkil qilingan. Hududlarda ham kreativ industriya parklari barpo etilib, ular zarur resurs va infratuzilma bilan ta’minlanadi.
Kreativ industriya parki rezidentlariga 2030-yil yakunigacha imtiyozli soliq rejimi joriy etiladi. Bunda ijtimoiy va daromad soliq stavkalari 50% ga kamaytiriladi, rezidentlar tovarlarni sotish hajmidan qat’i nazar aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchilar bo‘ladi.
Parklar negizida kreativ soha vakillarini o‘qitadigan biznes maktablari tashkil qilinadi. Ularda yoshlar yangi va zamonaviy biznes yuritish hamda elektron tijorat kabi xizmat ko‘rsatishning innovatsion usullarini o‘rganadi.
Avvalroq Toshkentda 32 turdagi kreativ soha bo‘yicha klaster tashkil etilishi haqida xabar berilgandi. Unda brend-menejeri, raqamli marketolog, videograf-mobilograf, grafik dizayneri hamda IT kabi sohalar mutaxassislari tayyorlanadi.