Prezidentning 10-fevraldagi farmoni bilan hukumat huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasiga energiya resurslaridan foydalanishni uzluksiz tekshirishga ruxsat berildi.

Hujjat bilan davlat rahbarining ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Xususan, yoqilg‘i-energetika resurslarini behuda sarflash hamda ulardan noqonuniy va samarasiz foydalanish holatlarini aniqlash, shuningdek, sifatsiz yoqilg‘i mahsulotlari savdosiga chek qo‘yishda davlat nazoratini amalga oshirish mexanizmlari soddalashtirish belgilanmoqda.

Prezidentning 2023-yilning 24-maydagi farmoniga kiritilgan qo‘shimcha bilan “O‘zenergoinspeksiya” yoqilg‘i-energetika resurslarini qazib olish, ishlab chiqarish, qayta ishlash, tashish, saqlash, yetkazib berish (taqsimlash, sotish) va iste’mol qilish faoliyati bilan shug‘ullanadigan xo‘jalik yurituvchilarda sutkaning istalgan vaqtida tekshiruvlar o‘tkazishi mumkin bo‘ladi.

Shu bilan birga, inspeksiya yoqilg‘i-energiya resurslarini behuda sarflash, ulardan noqonuniy va samarasiz foydalanish hamda iste’molchilarga realizatsiya qilinayotgan yoqilg‘i-energiya resurslari sifatini nazorat qiladi. Bunda “O‘zenergoinspeksiya” neft va gaz mahsulotlaridan namunalar olish, laboratoriyada tahlil qilish, miqdorini o‘lchash va tarqatish ishlarini amalga oshiradi.

Nazorat tadbirlari tadbirkorlar faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi bo‘yicha o‘tkaziladi. Tekshiruv boshlanganidan so‘ng 24 soat ichida “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida ro‘yxatga olish orqali vakolatli organni xabardor etish tartibida amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, tekshiruvlarga mas’ul bo‘lgan xodimlar tadbirkor tomonidan taqdim etilgan Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobini tekshiruv yakuniga yetishi bilan to‘ldirishi shart.

2024-yilning avgust oyida prezident tomonidan imzolangan qonun bilan energiya tejash sohasidagi qoidabuzarliklar uchun javobgarlik belgilangan. Elektr yoritgichlarni me’yoridan ortiq, ishlab chiqarish zaruriyatisiz, kunning yorug‘ davrida maqsadsiz foydalanish uchun jarima miqdori elektr narxining 50%ini tashkil etadi.

Avvalroq"O‘zenergoinspeksiya" 9−12 fevral kunlari hududlarda havo haroratining keskin sovib ketishi natijasida tabiiy gazga ehtiyoj ortganligi sababli mahalliy hokimliklar tomonidan kiritilgan grafiklarga asosan AGTKShlarga tabiiy gaz yetkazib berish vaqtinchalik qisqartirilganini ma’lum qilgandi.