Chet tillarini o‘rganuvchi yoshlar xarajatlarini qoplab berishning yangi tartibi joriy etiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevning Ko‘ksaroy qarorgohida o‘tkazilayotgan yoshlar bilan muloqotida ma’lum qilindi.
Unda olis va chekka hududlarda xorijiy tillarga ixtisoslashgan o‘quv markazlarini ochgan “C1” darajasiga ega yoshlarga 120 mln so‘mgacha foizsiz ssuda beriladi.
Mehnat bozoriga til biladigan yoshlar kirib kelishini rag‘batlantirish uchun xususiy o‘quv markazlarida chet tillarini o‘rganadiganlarga xarajatlari “2+6” shaklida qoplab beriladi. Bunda o‘quv xarajatlarining dastlabki 2 oyini o‘quvchilarning o‘zi, qolgan 6 oyini davlat qoplab beradi.
Muloqotda 2025-yil IT-sohasi eksportini $1 mlrdga yetkazish maqsad qilingani ta’kidlandi. Shuningdek, bu yil “Muhammad Xorazmiy vorislari” loyihasi Qoraqalpog‘istonda ham joriy etilib, yana 1 ming nafar yoshlar qamrab olinishi ma’lum qilindi.
BAA bilan O‘zbekistonda “Bir million sun’iy intellekt foydalanuvchilari” loyihasini amalga oshirishga kelishilgan. Raqamli texnologiyalar vazirligiga bu boradagi ishlarni boshlash topshirildi.
“Bir million dasturchi” loyihasiga qo‘shimcha 300 ming yoshlar jalb etiladi. “Coursera” platformasidagi 3 mingdan ortiq kurslarda sun’iy intellekt yordamida yoshlar uchun o‘zbek tilida ta’lim olish imkoniyati yaratiladi.
O‘tgan yili 25 ming nafar qizlar IT bo‘yicha bepul o‘qitildi. Bu yil dasturchi qizlar sonini 2 barobar oshirish rejalashtirilgan. 1 ming nafar iqtidorli qizlar IT-oromgohlarida xalqaro olimpiadalarga tayyorlanadi.
Yoshlarning qiziqish va ehtiyojlarini barvaqt aniqlashda SI texnologiyalaridan foydalanish, salohiyatini monetizatsiya qilish, ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarga jalb etish muhimligi ta’kidlandi. Mutasaddilarga raqamli ijtimoiy ekotizimni joriy etish bo‘yicha uzoq muddatli strategiyani ishlab chiqish topshirildi.
Xalqaro imtihon xarajatlarini qoplash
Hozirda mamlakatda yoshlarning xalqaro darajadagi chet tili hamda IT-sertifikatlari bo‘yicha imtihon xarajatlarini qoplab berish tizimi mavjud. Bundan tashqari, ularga xorijiy tilni o‘rganish xarajatlarini qoplashga BHMning 3 baravari (1 mln 125 ming so‘m) miqdorida moddiy yordam beriladi.
Xarajatlarni qoplash bo‘yicha xizmatlar Yagona portal orqali bepul amalga oshiriladi. Chet tili xarajatlari uchun bu yerda, IT-sertifikatlar uchun esa bu yerda ariza qoldirish mumkin. Bunda mablag‘lar bir kunda plastik kartaga o‘tkazib beriladi. Hozirda chet tili bo‘yicha xalqaro imtihon turlari soni 18taga yetgan.
IT-sertifikatlarga ega yoshlarga o‘qish hamda sertifikatlarni olish xarajatlarining 60%igacha qismiga kompensatsiya taqdim etiladi. Agar nomzod ingliz tili bo‘yicha B2 va undan yuqori bo‘lsa, xarajatlarni 100% qoplab olishi mumkin.
“Spot” IT-sertifikatlar uchun sarflangan mablag‘ning belgilangan qismini qanday qaytarib olish mumkinligi haqida videoqo‘llanma taqdim etgandi.
Avvalroq 2025-yilgi davlat dasturi loyihasida 7 ming yoshlarning xalqaro imtihon xarajatlari qoplab berilishi taklif etilgani haqida xabar berilgandi.