13-fevrak kuni prezident tomonidan imzolangan qonun bilan Mehnat kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Xususan, qonun bilan kodeksda “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat majmuida elektron shakldagi mehnat shartnomasini rasmiylashtirish, ish haqi saqlanmaydigan ta’til davomiyligini belgilash va xodimning o‘rtacha ish haqini hisoblash tartiblarini o‘zgartirish nazarda tutilgan.
Qonun bilan homiladorligi yoki farzandi borligi sababli xodimni ishdan bo‘shatishga taqiq joriy etilmoqda. Amaldagi tartibda ishga qabul qilishni rad etish yoki mehnatga haq to‘lash miqdorini kamaytirish taqiqlanadi.
Davlat organlari va tashkilotlari ishga qabul qilishda ishga kirayotgan fuqaroning pasporti yoki ID-kartasi, mehnat daftarchasiga oid ma’lumotlarni mustaqil olishi belgilandi. Bunda ma’lumotlar axborot tizimlaridagi idoralararo integratsiyalashuv platformalari orqali olinadi.
Davlat fuqarolik xizmatchilarining mehnatga oid munosabatlariga nisbatan mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikning amal qilishi “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida"gi qonun bilan tartibga solinmagan qismi bo‘yicha tatbiq etiladi.
Shuningdek, “Ta'lim to‘g‘risida"gi qonunga ham o‘zgartirishlar kiritildi. Bunda xodimlar kechki yoki sirtqi ta’lim shaklida o‘qishi mumkin bo‘lgan ta’lim tashkilotlarining turlariga aniqlik kiritildi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi. 2024-yilning avgustida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi mazkur loyihani birinchi o‘qishda ko‘rib chiqqandi.
2024-yilning dekabr oyi oxirida qabul qilingan hukumat qarori bilan ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi mehnat shartnomalarini elektron tuzish tartibi belgilangandi.