Odilbek Mirzayev “PDP EcoSystem” asoschisi va O‘zbekistonda IT-ta'lim sohasini rivojlantirishga hissa qo‘shayotgan tadbirkorlardan biri. Ekotizim o‘z ichiga “PDP Academy”, “PDP University”, “PDP Junior”, “PDP School” hamda “PDP Online” ta’lim loyihalarini qamrab oladi.

Mirzayevning fikricha, kitob insonni intellektual jihatdan boyitadigan va uni muvaffaqiyat sari yetaklaydigan asosiy vositadir. Hozir tavsiya etilayotgan kitoblar tadbirkorning hayotida nafaqat rahbar sifatida shakllanishiga, balki inson sifatida ham yangi bosqichlarga chiqishiga yordam bergan.

Bugungi kunda Odilbek boshqaruv, yetakchilik va innovatsiyalar bo‘yicha kitoblarni mutolaa qilmoqda: u har kuni ertalab yoki kechki dam olish vaqtida kitob o‘qishga vaqt ajratadi. Kelgusida strategik rivojlanish, biznes boshqaruvi, liderlik va sun’iy intellektga oid kitoblarni o‘qishni rejalashtirgan.

“O‘qilayotgan kitob har bir insonning yashayotgan davriga va qilayotgan ishiga mos bo‘lishi kerak. Bu mening kitob tanlashdagi eng muhim tamoyillarimdan biri hisoblanadi. Hozir tavsiya qilayotgan kitoblarimni shu tamoyillar asosida saralab, mutolaa qilganman,” deydi ekotizim asoschisi.

So‘zi davomida tadbirkor har kim o‘z sohasida muvaffaqiyat qozonishni istasa kitob o‘qishni odat qilishi kerakligi, bilim va o‘z ustida ishlash har qanday yutuqning poydevori ekanligini ta’kidladi.

Tadbirkor insonni intellektual jihatdan boyitib, muvaffaqiyat sari yetaklaydigan hamda uni hayotda nafaqat rahbar sifatida, balki inson sifatida ham yangi bosqichga chiqishiga yordam beradigan kitoblar tavsiyasini “Spot” bilan bo‘lishdi.


“Mukammal rahbar”, Isxak Adizes

Bu kitob rahbarlik san’atini o‘rganish uchun haqiqiy qo‘llanma bo‘lib, boshqaruvning ideal modeli va amaliyotdagi real vaziyatlar o‘rtasidagi farqlarni tahlil qilishga bag‘ishlangan.

Asarda samarali boshqaruv — aniq qarorlar qabul qilish bilan bir qatorda jamoani ilhomlantirish, boshqaruvning turli bosqichlarini tushunish muhimligi aniq va sodda bayon etilgan.

Bu kitob orqali rahbar sifatida yondashuvlarimni takomillashtirishga erishganman. U nafaqat menejer va rahbarlar, balki har qanday tashkilot yoki kompaniya muvaffaqiyatini oshirishga intiluvchi mutaxassislar uchun ham juda foydali bo‘ladi.

kitob tavsiya, kitoblar tavsiyasi, pdp


“To‘liq quvvatdagi hayot”, Jim Loer, Toni Shvars

Mualliflarning ushbu kitobi shunchaki vaqtni emas, balki o‘z energiyangizni to‘g‘ri boshqarish haqida bo‘lib, yuqori samaradorlik, salomatlik va baxt to‘rt turdagi — jismoniy, hissiy, aqliy va ruhiy quvvat muvozanatiga bog‘liq. Ular resurslarni tiklash va unumdorlikni sarflamasdan saqlab qolish uchun oddiy amaliyotlarni taklif qiladi.

Darhaqiqat, vaqtni emas, energiyani to‘g‘ri boshqarish — muvaffaqiyatning kaliti hisoblanadi. Kitob mening kundalik odatlarimni o‘zgartirdi: resurslarni samarali taqsimlash orqali hayot va ish o‘rtasida muvozanat saqlashni o‘rgatdi.

Asar insonning jismoniy, hissiy, aqliy va ruhiy energiyasini samarali boshqarishga asoslangan. Jim Loer va Toni Shvars qalamiga mansub bu kitob zamonaviy dunyoda samarali ish va mazmunli hayot kechirishni o‘rganmoqchi bo‘lganlar uchun yo‘l-yo‘riq vazifasini ham o‘taydi.


“Eng muhimini o‘lchang”, Jon Dor

Jon Dorning ushbu kitobi OKR (Maqsadlar va asosiy natijalar) tizimi haqida hikoya qiladi. Bu usul aniq maqsadlar qo‘yish va ularga erishish darajasini o‘lchashda yordam beradi.

Muallif tizim kompaniyalarni qanday qilib yanada muvaffaqiyatli qilishini tushuntirib, “Google”, “Intel” kabi yirik kompaniyalardan misollar keltiradi, shuningdek, uni joriy etish bo‘yicha amaliy maslahatlar beradi.

Shuningdek, OKR yondashuvi orqali maqsadlarni belgilash va ularga erishish uchun samarali boshqaruvni usullarini o‘rgatadi. Ushbu kitob orqali o‘z jamoa hamda loyihalarimni muvaffaqiyat sari olib boradigan tizimli yondashuvni qo‘llaganman.

Asar nafaqat rahbarlar va tadbirkorlar, balki o‘z shaxsiy hayoti yoki biznesi uchun aniq maqsadlar qo‘yishni xohlaydigan har bir kishi uchun zarur qo‘llanma, deb ayta olaman.

kitob tavsiya, kitoblar tavsiyasi, pdp


“Nima uchundan boshlang”, Saymon Sinek

Bu kitob odamlarni qanday rag‘batlantirish va o‘z ortidan ergashtirish haqida bo‘lib, asosiy g‘oya — “Nima uchun"dan boshlash: avval ma’no va vazifani tushunish, keyin “Qanday” — usullar, shundan keyingina “Nima” — mahsulot yoki xizmatni tushunishdan iborat.

Har bir muvaffaqiyatning asosi “Nega?” degan savoldan boshlanadi. Saymon Sinek bu kitobda odamlarni ilhomlantirish va uzoq muddatli muvaffaqiyatga erishish yo‘llarini ochib beradi. Asardan o‘z ishim, brendim hamda faoliyatimga ma’no berishda ilhomlanganman.

Asar insonlarni ilhomlantiruvchi liderlar va bizneslar qanday qilib o‘z “Nega?"sini aniqlab, boshqalarga o‘z orzulari sari yetaklashini o‘rganish uchun yo‘riqnoma bo‘lib xizmat qiladi.


“Innovatsiyalar diffuziyasi”, Everett Rojers

Innovatsiyalar qanday tarqaladi va nima uchun ba’zi g‘oyalar muvaffaqiyatli bo‘ladi? Rojersning ushbu klassik asari biznes egalariga va yetakchilarga innovatsiyalarni qanday joriy etishni va jamiyat tomonidan qabul qilinishini tushunishda yordam beradi.

Kitob orqali loyihalarimni keng auditoriyaga taqdim etishda samarali yondashuvlarni o‘rganib, tahlil qilib chiqqanman. Men uchun Everett Rojersning bu klassik asari bugungi zamonaviy dunyoda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan kitoblardan biri hisoblanadi.

kitob tavsiya, kitoblar tavsiyasi, pdp