Yagona portal orqali avtomobilga gaz ballon o‘rnatish uchun ruxsatnomani onlayn olish imkoniyati yaratildi. Bu haqda portal matbuot xizmati xabar berdi.
Xizmatdan jismoniy shaxslar hech qanday hujjatlarsiz foydalanishlari mumkin. Biroq avtotransport yangi bo‘lsa, hisob ma’lumotlari ilova qilinishi kerak.
Bunda onlayn ariza to‘ldirilib, YHXXga yuboriladi hamda 10 kun ichida ko‘rib chiqiladi. Uning natijalari esa fuqaroning portaldagi shaxsiy kabinetiga yuboriladi.
Xizmatdan foydalanganlik uchun BHMning 30%i — 112,5 ming so‘m miqdorida bir martalik to‘lov undiriladi.
Ariza topshirishda gaz o‘rnatish ishlarini amalga oshiruvchi yuridik yoki jismoniy shaxsning ma’lumotlarini (STIR raqamini) kiritish kerak. Ma’lumotlar esa rasmiy hujjatlar va ishlarni bajarish uchun zarur bo‘lgan litsenziyalarga mos kelishi kerak.
Xizmatdan havola orqali foydalanish mumkin. Buning uchun portalda ro‘yxatdan o‘tish kerak."Spot" undan qanday qilib ro‘yxatdan o‘tish mumkinligi haqidagi qo‘llanmani taqdim etgandi.
Avvalroq ipoteka kreditlari bo‘yicha garov xatini onlayn rasmiylashtirishga ruxsat berilishi haqida xabar berilgandi. Garov xatiga o‘zgartirishlar kiritilgan kelishuvlar Yagona portal orqali amalga oshiriladi.