Avvalroq hukumat qarori bilan o‘quvchilarni kasb-hunarga o‘qitishda maktab va tadbirkorlar hamkorligi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangani haqida xabar berilgandi.

Hujjat bilan “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturi doirasida maktablarning bo‘sh binolari tadbirkorlarga amaliy monomarkazni tashkil qilish va o‘quvchilarni kasb-hunarga o‘qitishga ajratiladi. Bunda binolarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida 3 yilgacha tekin foydalanish uchun olish mumkin.

Savdo-sanoat palatasi har yili 1-iyungacha dastur ishtirokchilariga bo‘sh binolar haqidagi ma’lumotlarni yetkazadi, 1-iyulgacha hamkorlik qilish istagini bildirganlar ro‘yxatini shakllantiradi.

Hududiy hokimliklari kasb-hunar o‘qitish tashkil etilgan maktablarni mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan zarur jihoz va xomashyo bilan ta’minlaydi.

Bino va inshootlarni xususiylashtirish, o‘quvchilar sog‘lig‘i va xavfsizligiga salbiy ta’sir qiluvchi faoliyat bilan shug‘ullanish, bino va inshootlar, shu jumladan, yerosti inshootlarini qurish, ko‘ngilochar, umumiy ovqatlanish va savdo obyektlarini tashkil etish taqiqlanadi. Yengil konstruksiyali inshootlar bundan mustasno.

Tekin foydalanishga beriladigan binodan kelgusida maktab ehtiyoji yuzaga kelganda foydalanish muddati 3 yildan kamaytirilishi mumkin. Tadbirkor shartnoma asosida olgan binoni, uchinchi shaxslarga berishi yoki garovga qo‘yishi mumkin emas.

Tomonlar o‘rtasida tuziladigan shartnoma shartlariga quyidagilar majburiy tarzda kiritilishi lozim:

  • tadbirkor va maktabning huquq va majburiyatlari;
  • o‘quvchilarni kasb-hunarga o‘qitish shartlari va tartibi;
  • tuzilgan shartnoma muddati yakunlanganidan keyin maktab mulkini qaytarish holati va tartibi;
  • maktabning olingan mulkini tiklash va ta’mirlash bo‘yicha majburiyatlar;
  • kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish shakllari va tartibi.

Ajratilgan bino yoki xona jihozlangan bo‘lsa, ulardan foydalanish bo‘yicha belgilangan tartibda alohida pulli ijara shartnomasi tuziladi. Shartnomada jihozlarning soni, ishchi holati, foydalanish shartlari, jihozlarning saqlanishi va ishchi holatda bo‘lishi bo‘yicha tadbirkorning javobgarligi aniq ko‘rsatilishi shart.

Shartnoma muddatida tadbirkorga berilgan binodan foydalanishiga va qonuniy faoliyatiga maktab yoki boshqa tashkilotlar tomonidan to‘sqinlik qilish taqiqlanadi.

Dastur ishtirokchisi sertifikatiga ega bo‘lmagan tadbirkorlarga maktablarning bo‘sh binolari “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali ijaraga beriladi.

O‘tgan yil boshida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda maktablarda 50ta kasb-hunar ro‘yxati tuzilib, o‘quv va amaliyot dasturlari ishlab chiqilishi ma’lum qilingandi.

Fevral oyida qabul qilingan davlat rahbari qarori bilan maktablarning yuqori sinflarida biznes va IT-kasblarga tayyorlash dasturlari yo‘lga qo‘yilishi belgilandi. Unda maktab binolarini tadbirkorlarga tekin foydalanishga berish nazarda tutilgandi.