AQSh prezidenti Donald Tramp agar BRIKS davlatlari birlashmasi yagona valyuta yaratishga va dollardan voz kechishga qaror qilsa, ularga nisbatan 100%lik boj to‘lovlarini joriy etadi. Bu haqda “TACC” nashri xabar berdi.
“Agar BRIKS mamlakatlari dollar bilan o‘ynashmoqchi bo‘lsa, ularni yuqori bojxona to‘lovlari kutmoqda. Bunday holda, har qanday savdo-sotiq kamida 100%lik bojga tortiladi,” deb aytdi Tramp.
Tramp ilgari ham BRIKS mamlakatlari o‘z valyutasini ishlab chiqsa, 100%lik boj joriy etish tahdidini bildirgan edi. Jumladan, dekabr oyida saylovlarda g‘alaba qozongandan so‘ng, u AQSh ittifoqdosh mamlakatlardan “dollarning o‘rnini bosuvchi boshqa hech qanday valyutani qo‘llab-quvvatlamaslikni” talab qilayotganini aytgan edi.
Yanvar oyi oxirida Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov BRIKS mamlakatlari umumiy valyuta yaratish masalasini muhokama qilmayotganini ma’lum qildi.
Peskovning qayd etishicha, BRIKSda uchinchi mamlakatlarga hamda o‘zaro investitsiyalarni amalga oshirish imkonini beradigan yangi qo‘shma investitsiya platformalarini yaratish haqida so‘z bormoqda. Mana shu masala muhokama qilinmoqda.
BRIKS (Ingliz BRICS — Brazil, Russia, India, China, South Africa so‘zlarining qisqartmasi) — Braziliya, Rossiya, Hindiston, XXR, JAR, BAA, Eron, Misr, Efiopiya va Indoneziya kabi o‘nta davlatning birlashmasi bo‘lib, 2009-yil iyun oyida Sankt-Peterburg iqtisodiy forumi doirasida Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy iqtisodiyot vazirlari ishtirokida tashkil etilgan.
Avvalroq “Spot” Donald Tramp AQShda bir sentlik tangalar chiqarishni to‘xtatishga buyruq bergani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, Tramp mazkur tangalarni zarb qilish qimmatligi sababli ularni chiqarishni to‘xtatish bo‘yicha topshiriq bergan.