O‘zbekiston aholisini ichimlik suvi bilan to‘liq ta’minlash imkonsiz. Bu haqda 12-fevral kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida “O‘zsuvta'minot” raisi o‘rinbosari Xurshid Rahmatullayev ma’lum qildi.

Rahmatullayev hozirda 2035-yilgacha bo‘lgan strategiya ustida ish olib borilayotganini, uning doirasida mamlakat bo‘yicha iste’molchilarning markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasini 95% ga yetkazish rejalashtirilganini ta’kidladi.

“Ochig‘ini aytganda, aholining ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasini 100% ga chiqarishning imkoni yo‘q”, — dedi u.

“O‘zsuvta'minot” raisi o‘rinbosariga ko‘ra, suv ta’minoti yetib bormaydigan qolgan 5% hududlar olis va tog‘li, shuningdek, suv tarmog‘ini tortish ishlari texnik va iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlamaydigan nuqtalar bo‘lishi mumkin.

Xurshid Rahmatullayev bu hududlarni suv bilan ta’minlash uchun alternativ manbalar, vodovoz yoki lokal nuqtalar orqali yetkazib berish choralari ko‘rilishini qo‘shimcha qildi.

Davlat rahbarining 2023-yilning oktabridagi qarori bilan 2027-yilgacha mamlakatda suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan 813 ta mahallani suv bilan ta’minlash, 124 mingdan ortiq xonadonga tarmoqni uy xo‘jaligigacha yetkazish belgilangan.

O‘tgan yilning avgust oyidagi qabul qilingan prezident qarorida 2028-yil yakunigacha har bir hududda ichimlik va oqova suv tarmoqlarini modernizatsiya qilish va boshqaruvga berish uchun xususiy kompaniyalar jalb qilinishi nazarda tutilgan. Bu toza va doimiy ichimlik suvi bilan ta’minlash qamrovini 87%ga, markazlashgan oqova suv ta’minoti qamrovini 30%gacha oshirishi kerak.

Avvalroq ichimlik va oqova suv uchun to‘lovlarni nazoratchilar orqali naqd pulda qabul qilish to‘liq to‘xtatilgani haqida xabar berilgandi.