Endi tadbirkor yoshlarga imtiyozli kreditlar ajratiladi. Bu haqda Ko‘ksaroy qarorgohida Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston yoshlari bilan muloqotida ma’lum qilindi.
Prezident yoshlar tadbirkorligida “mutlaqo yangi davr"ni boshlab beruvchi 3 ta katta hujjatga imzo chekkanini e’lon qildi.
Birinchi hujjat bilan Yoshlar agentligi huzurida Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilib, unga $100 mln mablag‘ ajratildi.
Tadbirkor yoshlarga 2,5 mlrd so‘mgacha imtiyozli kreditlar beriladi, tashabbuskor yoshlarning startap loyihalariga esa 2 mlrd so‘mgacha investitsiya kiritiladi.
Oliygohlarni tugatayotgan 90 ming yoshlar mutaxassisligi bo‘yicha ish topishda qiynalmoqda. Ikkinchi qaror bilan bitiruvchilar bandligini ta’minlash bo‘yicha yangi tizim yaratilmoqda. Buning uchun “O‘zmilliybank"ka $100 mln resurs beriladi.
Bank Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi va Savdo-sanoat palatasi bilan oliygoh bitiruvchilarining tashabbus va g‘oyalarini loyihaga aylantirish bo‘yicha yangi bank xizmatlari paketlarini joriy etadi.
Shuningdek, bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha hokimlar, bank va korxona rahbarlaridan iborat komissiya tuziladi. Komissiya ish o‘rinlarini yaratish, kadrlarga ehtiyoj, bo‘sh o‘rinlarga yoshlarni joylashtirish masalalarini hal etadi.
Prezident imzolagan uchinchi hujjatga ko‘ra, “Aloqabank” yoshlarning biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlovchi tayanch “yoshlar banki"ga aylantirilib, bunga $200 mln ajratildi.
Bank o‘zini o‘zi band qilgan yoshlar loyihalari uchun 100 mln so‘mgacha 7 yil muddatga imtiyozli mikroqarz ajratadi.
YTT sifatida kamida 20 nafar yoshni ishga olib, kichik korxona ochgan va o‘quv markazi tashkil qilgan yosh tadbirkorlarga 7 yil muddatga 5 mlrd so‘mgacha imtiyozli kredit beriladi. Bank kreditlarining kamida 30%i xotin-qizlar tadbirkorligi uchun yo‘naltiriladi.
Hududlarda “yoshlar biznes inkubatori” tashkil qilinib, yoshlar g‘oyalari startapga aylantiriladi, 6 oydan 3 yilgacha qo‘llab-quvvatlanadi, tayyor biznes, korxona darajasiga olib chiqiladi.
“Aloqa venchur” jamg‘armasi orqali startaplarga $50 mingdan $1 mlngacha sarmoya kiritilib, mahsulot va xizmatlarni ichki va xalqaro bozorlarda sotish, biznes hamkor topish, qo‘shimcha investitsiyalar jalb qilishga ko‘maklashiladi.
Avvalroq maktablarning bo‘sh binolari tadbirkorlarga tekin ijaraga berilishi haqida ma’lum qilingandi.