O‘zbekistonda yoshlarni xorijda o‘qitish bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevning Ko‘ksaroy qarorgohida o‘tkazilayotgan yoshlar bilan muloqotida ma’lum qilindi.
Unda kambag‘allikni qisqartirishning eng samarali yechimi ta’lim ekani, shuning uchun kam ta’minlangan oilada hech bo‘lmaganda bitta farzand oliy ma’lumotli bo‘lishi uchun zarur sharoitlar yaratilishi ta’kidlandi.
Endilikda kambag‘al oilaning farzandiga ta’lim krediti foizsiz beriladi, qo‘shimcha grant ajratiladi, kontrakt to‘lovining bir qismi qoplab beriladi.
Iqtidor va bilimga qiziquvchan, lekin og‘ir oilaviy sharoiti sababli o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lmagan yoshlarni xorijda o‘qitish bo‘yicha yangi tizim — “Yorqin iste’dod” loyihasi joriy etiladi.
Bunda har bir mahalladan ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar saralab olinib, iqtidori aniqlanadi. Ularning salohiyatiga mos xorijiy oliygoh tanlanib, tayyorgarlik kurslarida o‘qitiladi.
Xorijda ta’lim olib qaytgan yoshlar Milliy kadrlar zaxirasiga to‘g‘ridan to‘g‘ri kiritiladi va davlat organlariga tanlovsiz ishga olinadi. Har yili saralashdan o‘tgan 1 ming nafar yoshlar dunyoning Top-100 ta oliygohiga yuboriladi. Ularga o‘qish va yashash xarajatlari qoplab beriladi.
Shuningdek, muloqotda energetika, transport, urbanizatsiya, zamonaviy arxitektura, tibbiyot yo‘nalishlarida “El-yurt umidi” jamg‘armasi kvotalari ko‘paytirilishi ma’lum qilindi.
Dunyoning Top-100 oliygohlarida ilmiy daraja olgan 35 yoshgacha bo‘lgan yosh olimlarga uy-joy uchun 10 yil muddatga 800 mln so‘mgacha foizsiz ssuda ajratiladi.
Nufuzli xalqaro fan olimpiadalarida g‘olib va sovrindor bo‘lganlar uchun bir martalik pul mukofoti miqdori 5 karra oshiriladi. Harbiy oliygohlarning namunali tinglovchilari uchun “Oliy bosh qo‘mondon” davlat stipendiyasi joriy etiladi.
Yoshlarni ilmga qiziqtiruvchi media kontentlar, eng yaxshi intellektual shoular yaratishga Yoshlar agentligi tomonidan 100 mln so‘mgacha grantlar ajratiladi.
Yoshlarning tabiatga mehrni oshirish, atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan loyihalari uchun “Yashil tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi” tashkil qilinadi.
Avvalroq kasbiy ko‘nikmalar markazlarida ishsiz, jumladan, kambag‘al oilalar a’zolarini yuqori talabga ega kasblarga manzilli o‘qitish tizimi joriy etilishi haqida xabar berilgandi.