Toshkent shahrida uy-joyga investitsiyalarning daromadliligi tushib bormoqda. Bu haqda hukumat huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) tahlilida keltirilgan.

Xususan, 2025-yilning yanvar oyida poytaxtda ko‘p qavatli uy-joylarga investitsiyalarning daromadliligi 2024-yilning fevral oyidagi o‘rtacha 32,4% dan 7,6% gacha sekinlashdi.

Bu davrda ko‘rsatkich uylarning joylashgan hududi va xonalari sonidan kelib chiqib, bir-biridan sezilarli darajada farqlandi. Masalan, 1 xonali uylarning investitsion daromadliligi Mirobodda -1,7% (2024-yil fevral — 53%) ni, Bektemirda 54,3% (46,8%) ni tashkil etgan.

2 xonali uylar bo‘yicha investitsion daromadlilik Uchtepada 2,6% (27%) ga, Yakkasaroyda 15,1% (24,2%) ga yetdi. Shuningdek, 3 xonali xonadonlar uchun ko‘rsatkich Bektemirda -5,5% (33,7%), Yakkasaroyda — 10,4% (22,8%) hamda 4 xonali uylar uchun Bektemirda -7,3% (37,9%), Chilonzorda 16,5% (19,8%) ni qayd etdi.

2024-yil fevral oyida uy-joy va ijara narxlarining nisbatan ko‘tarilishi (tushishi) hisobiga olinishi mumkin bo‘lgan foyda Yakkasaroy, Bektemir va Chilonzor tumanlarida mos ravishda o‘rtacha 16,1%, 26,9% va 15,4% ni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning yanvar oyida bu 3%, 2,8% va 0,3% gacha pasaydi.

Shuningdek, Toshkentda uy-joylar narxining o‘sishdan deyarli to‘xtashi va biroz arzonlashishi natijasida o‘tgan oyda uy-joylar narxi o‘zgarishidan olinadigan o‘rtacha daromad Shayxontohur (35,8% dan -0,8% ga) va Yunusobod (30,4% dan -3,4% ga) da sezilarli darajada pasaydi.

Yanvar oyida uylar ijarasidan olinadigan yillik o‘rtacha daromad Mirobodda 10% ni (o‘tgan yilning fevralida — 10,4%), Mirzo Ulug‘bekda — 9,9% (10,6%), Shayxontohurda 9,8% (11,6%) ni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich ijara narxlari nisbatan arzonroq tumanlar — Olmazorda 8,9% (9,4%), Uchtepada 8,9% (8,6%) va Sergelida 8,9% (8,4%) bo‘lgan.

Daromadlilik darajasi bo‘yicha investitsion jozibadorligi yuqori hisoblangan 1 va 2 xonali xonadonlardan daromad olish imkoniyatlari ham tushib bormoqda. 2024-yilning fevral oyida bunday uylarga yo‘naltirilgan investitsiyalarning daromadliligi mos ravishda 35,6% va 30,8% ni tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan oyda bu 14,3% va 7,5% gacha pasaydi.

Mazkur davrda 3 va 4 xonali xonadonlar uchun ham ko‘rsatkich sezilarli darajada tushdi — mos ravishda 5,5% va 2,9% (2024-yil fevralida 33% va 30,3%).

MHTI tahlilida 2024-yilning yarmidan boshlab uy-joyga investitsiyalar daromadliligi jismoniy shaxslarning milliy valyutadagi depozitlardan olinadigan o‘rtacha daromadlilikdan past darajada shakllanib kelayotgani qayd etildi. 2023−2024 yillarda chet el valyutasidagi bank depozitlari bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 5% atrofida shakllangan bo‘lsa, milliy valyutadagi depozitlar bo‘yicha stavkalar 21−22% atrofida o‘zgarib turdi.

Avvalroq Markaziy bank tahlillari 2024-yilda O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bo‘yicha bitimlar soni kamayganini ko‘rsatgandi. Beshta hududda, jumladan, Toshkentda ham pasayish kuzatildi. Uy-joy oldi-sotdisi va ijarasi segmentlarida faollik sekinlashdi.