“Uzcard” milliy to‘lov tizimidan kiruvchi xabarlar uchun tariflar oshirilmoqda. Bu haqda 5-fevral kuni SMS-xabarnoma xizmatlarini taqdim etuvchi “Play Mobile” kompaniyasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, 1-martdan “Beeline”, “Humans, “Perfectum”, “Ucell”, “Mobiuz” va “UzMobile” operatorlari mijozlari uchun 58 00 raqamidan yuborilgan har bir SMS narxi ikki baravarga — 84,2 so‘mdan 168,4 so‘mga oshadi.
SMS-xabarnoma xizmatlari narxlari 2019-yilning iyul oyidan beri o‘zgarmagani ta’kidlangan. Shu bilan birga, SMS-trafik hajmi 75% ga oshgan, bu esa “dasturiy-apparat majmuasiga xizmat ko‘rsatish xarajatlarini sezilarli darajada oshirgan”.
Dasturchilarni yollash, ishlab chiqarish infratuzilmasini yangilash, dasturiy ta’minotni takomillashtirish va texnik qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, uni hamkorlar va aloqa operatorlari tizimlari bilan integratsiya qilish bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlar ham o‘zgan.
“Play Mobile"da “xizmatlar narxiga ta’sir qiluvchi tashqi iqtisodiy omillarning sezilarli darajada oshgani” ta’kidlanadi.
“So‘nggi yillarda elektr energiyasi narxi 100% ga, bazaviy hisoblash miqdori 68% ga, aloqa operatorlari tomonidan undiriladigan bitta SMSning o‘rtacha narxi esa 300% ga o‘sdi”, — deyiladi IT-kompaniya bayonotida.
“Uzcard"ga qarashli “Plum Technologies” to‘lov tashkiloti ham “CardXabar” “Telegram"-boti xabardor qilish xizmatlari narxi oshganini ma’lum qildi.
Mazkur xizmat uchun amalda oyiga 1000 so‘mdan to‘lov olinsa, 1-martdan boshlab narx xabarlar limitiga bog‘liq bo‘lgan paketlar joriy etilmoqda: eng arzon paket — “Start” (250 tagacha SMS-xabar) 5 ming so‘mni tashkil etadi, eng qimmati — “Infinite” tarifi esa (20 mingdan boshlab SMS-xabarlar) — 500 ming so‘m.