“Telegram"da Alisher Usmonov nomidan guruh ochib, fuqarolarni aldagan firibgarlar aniqlandi. Bu haqda Toshkent viloyati IIBB Kiberxavfsizlik bo‘limi matbuot xizmati xabar berdi.
Viloyat IIBB Kiberxavfsizlik bo‘limi va Ohangaron shahar Ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan tezkor-qidiruv tadbiri o‘tkazildi.
Uning doirasida “Telegram"da “Alisher Usmonov aksiyasi” nomli 200 dan ortiq guruh ochib, firibgarlik bilan shug‘ullanib kelayotgan 7 nafar shaxs qo‘lga olindi. Ular fuqarolarni “Aksiyada 20 mln so‘m mukofotiga ega bo‘ldingiz” kabi so‘zlar bilan aldagan va pullarini o‘zlashtirgan.
Firibgarlikni Ohangaron shaharida yashovchi 25 yoshli Sh.B. uyida Farg‘ona viloyatida yashovchi 18−25 yosh oralig‘idagi 6 nafar shaxslarni jalb qilgan holda amalga oshirgani ma’lum bo‘ldi.
Ular guruhda fuqarolarga yutuq chiqqanligi haqida yolg‘on ma’lumotlarni yuborib, yutuqni olish uchun badal puli talab qilgan va turli miqdordagi mablag‘larni boshqa shaxslar nomidagi bank kartalariga o‘tkazib olish orqali o‘zlashtirgan.
Tadbir davomida mazkur xonadondan 4 dona kompyuter, 11 dona telefon, Wi-Fi qurilmalari hamda turli bank kartalari daliliy ashyo sifatida olindi.
Dastlabki surishtiruvlarga ko‘ra, ushbu guruhning har bir a’zosiga alohida vazifa belgilangan. Bir shaxs soxta chek tayyorlab, guruhlarni nazorat qilsa, boshqasi reklama tarqatish va guruhlarga odam yig‘ish bilan shug‘ullangan.
Shuningdek, yana biri fuqarolar bilan muloqotga kirishish vazifasini bajargan bo‘lsa, boshqasi kunlik pul tushumlarini bankomatlar orqali naqdlashtirish bilan shug‘ullangan.
Holat yuzasidan ushlangan shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq ombudsmanga 2024-yilda fuqarolar kartalaridan firibgarlik yo‘li bilan kredit olish bo‘yicha murojaatlar soni 42%ga oshgani haqida xabar berilgandi.