O‘zbekistondagi banklar aktiv bank kartalari mavjudligi haqida mijozlarni ogohlantira boshladi. Bunga “Spot” muxbiri e’tibor qaratdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolarga banklardan mavjud amaldagi kartalari to‘g‘risida SMS-xabarnomalar yuborilgani haqida xabarlar tarqaldi. “Spot” jurnalistlariga ham banklardan, xususan, “Ipoteka-bank”, “TBC Bank” va “Uzum bank"dan ham shu mazmundagi xabarlar keldi.
“Kapitalbank” matbuot xizmatining “Spot"ga ma’lum qilishicha, bank o‘z mijozlarini faol kartalar soni haqida xabardor qilishni rejalashtirmoqda.
Bunda banklarning SMS-xabarlari mazmuni jihatidan bir-biridan biroz farqlanadi. Masalan, “TBC Bank” xabarnomasida faqat kartalar soni haqida ma’lumot berilgan bo‘lsa, “Uzum Bank” va “Ipoteka-bank” 16 xonali bank kartasining birinchi va oxirgi to‘rtta raqamini keltirgan holda, mijozlarga xabar jo‘natgan.
Dekabr oyida Markaziy bankda o‘tkazilgan media-muloqotda “CERT-CBU” Kiberxavfsizlik markazi rahbari Olimjon Talipov fuqarolarni turli banklarda kartalari mavjudligi haqida xabardor qilish rejalari haqida so‘z yuritgandi. Bu aktiv bank kartalari haqida xabardorlikni oshirishga qaratilgan.
Bundan tashqari, “Bankers.uz” nashri banklar 12 oy davomida “harakatsiz” bo‘lgan kartalarni bloklashi haqida mijozlarni ogohlantira boshlaganini ma’lum qilgandi. Bu Markaziy bank tomonidan ishlab chiqilgan yangi talablar bilan bog‘liq.
Markaziy bankning yangi talabi
2024-yilning noyabr oyi oxirida Markaziy bank bitta foydalanuvchiga rasmiylashtiriladigan bank kartalari sonini cheklashni rejalashtirayotgani haqida “Spot"ga ma’lum qilgandi.
Undan keyin regulyator bu yechim bank kartalari bilan bog‘liq shubhali (frod) operatsiyalarning oldini olish, firibgarlik sxemalarida aholiga tegishli hisobvaraqlar va bank kartalari ishtirokini kamaytirishga qaratilganini bildirdi.
Bu tartib 2025-yilning 1-yanvaridan boshlab 31-dekabrigacha kuchga kirdi. Unga ko‘ra bitta fuqaroga beriladigan kartalar virtual va kobeyjing kartalarini hisobga olgan holda 20 donagacha cheklanadi. Ulardan 5 tasini bitta bankda ochish mumkin. Chet el valyutasida ochilgan bank kartalari bundan mustasno.
2024-yilning dekabr holatiga ko‘ra, jismoniy shaxslarning qariyb 97%i da (22 mln nafar) 5 tagacha, 3%i da (770 ming) 5−20 gacha hamda 0,03%i da (7 ming) 20 tadan ortiq kartalar mavjud.
O‘rganishlarda 24 nafar shaxsga tegishli 715 ta kartadan moliyaviy piramida alomatlariga ega platformalarda pul o‘tkazmalari uchun foydalanilayotganligi aniqlangan: “Tradezone ai”, “Consulting Control Session” va “Scode Capital”.
Ta’kidlanishicha, kartalarni ochish bo‘yicha vaqtinchalik tartib banklar tomonidan chiqariladigan kartalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Markaziy bank axborot tizimi bilan sinxronizatsiyalash orqali firibgarlik holatlarini bartaraf etishga qaratilgan.
Bundan tashqari, regulyator tomonidan fuqarolarga ochilgan kartalar soni to‘g‘risida mobil ilovalar orqali Push-xabarnoma yoki SMS-xabar orqali ma’lumot berish yuzasidan banklarga ko‘rsatma xati yuborilgan.
Avvalroq Markaziy bank firibgarlar o‘zlashtirgan 9,5 mlrd so‘m mablag‘lar bloklanganini ma’lum qilgandi.