Jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekiston banklaridagi depozit hisobvarag‘i yopilganda mablag‘larning kelib chiqish manbalarini tasdiqlash talab etilmaydi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati “Spot"ga ma’lum qildi.

O‘tgan haftada ijtimoiy tarmoqlarda banklar depozit hisobvarag‘idan pul yechishda mijozlardan mablag‘larning kelib chiqishi to‘g‘risida ma’lumotnoma talab qilayotgani haqida xabarlar tarqalgandi. Buni tasdiqlash uchun esa omonatchilar avtomobil yoki ko‘chmas mulk savdosi bo‘yicha shartnomalarni taqdim etgan. Shu bilan birga, ushbu amaliyot ommaviy xarakterga ega emasligi ta’kidlangan.

Markaziy bank boshqaruvi va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining 2017-yilning 23-mayidagi qarori bilan jinoiy daromadlarni legallashtirishda shubha tug‘ilganda yoki “mijoz to‘g‘risida avval olingan ma’lumotlarning to‘g‘riligiga yoki yetarli ekanligiga gumonlar mavjud bo‘lganda” banklar mijozlarni lozim darajada tekshirish bo‘yicha mustaqil choralarni ko‘rishlari kerakligi belgilangan.

Markaziy bank matbuot xizmatining “Spot"ga ma’lum qilishicha, regulyatorning mijozlarni tekshirish to‘g‘risidagi ko‘rsatmasi fuqarolar omonatlariga taalluqli emas, bu faqat jismoniy shaxslar — ham rezidentlar, ham norezidentlarning yirik miqdordagi xalqaro pul o‘tkazmalariga ta’sir qiladi.

Shuningdek, regulyator bu Jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha moliyaviy choralarni ishlab chiqish guruhi tavsiyalari doirasida amalga oshirilishini qo‘shimcha qildi.

Bundan tashqari, Markaziy bank xorijda ishlayotgan mehnat migrantlarining transchegaraviy pul o‘tkazmalari miqdori kamligi sabab, mablag‘larning kelib chiqishi to‘g‘risidagi ma’lumotnomalar talab qilinmasligini ta’kidladi.

“Spot” bir nechta banklarga depozitni yopishda mablag‘larning kelib chiqishi bo‘yicha talab mavjudligi haqida murojaat qildi. Moliyaviy muassasalar fuqarolarning omonatlari bo‘yicha qo‘shimcha tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmasligini ma’lum qildi.

Avvalroq mikromoliya banklarini tashkil etishga ruxsat berilgani haqida xabar berilgandi. Ularga bu faoliyatni amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya Markaziy bank tomonidan taqdim etiladi.