13-fevral kuni qabul qilingan hukumat qarori bilan elektr energetikasi sohasidagi faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizom elektr energetikasi sohasidagi faoliyat turlarini litsenziyalash, to‘lovlarni hisoblash va to‘lash, litsenziatlar faoliyatini nazorat qilish va ularning hisobini yuritish tartibi va shartlarini belgilaydi.

Xususan, elektr energetikasi sohasidagi quyidagi faoliyat turlari litsenziya asosida amalga oshiriladi:

  • elektr energiyasi bozori operatori;
  • elektr energiyasini ishlab chiqarish;
  • elektr energiyasini saqlash;
  • elektr energiyasini uzatish;
  • markaziy xarid qiluvchining vazifalarini bajarish;
  • elektr energiyasini taqsimlash;
  • elektr energiyasi bilan ta’minlash;
  • elektr energiyasi savdosi.

Yagona elektr energetikasi tizimiga ulanmasdan elektr energiyasini ishlab chiqarish va saqlash hamda quvvati 5 MVtdan kam bo‘lgan elektr stansiyalardan elektr ishlab chiqarish, shuningdek, o‘z ehtiyojlari uchun energiya saqlash uskunasidan foydalanishda litsenziya talab qilinmaydi.

Litsenziyalash Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi (regulyator) tomonidan amalga oshiriladi. Talabgorlar arizalarni “Litsenziya” axborot tizimi, Davlat xizmatlari markazi yoki Yagona portal orqali jo‘natishlari mumkin bo‘ladi. Unga energetika obyektining hujjatlari (pasporti), biznes-reja va boshqa zarur hujjatlarni ilova qilish kerak.

Arizalar 15 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Shundan so‘ng regulyator litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Tegishli xabarnoma (ijobiy javob berilganda — davlat boji to‘langanligi to‘g‘risidagi kvitansiya ilova qilingan holda) ariza beruvchining shaxsiy kabinetiga yuboriladi.

Litsenziya turidan qat’i nazar, arizani ko‘rib chiqish uchun yig‘im BHMning 2 baravari (750 ming so‘m) ni tashkil etadi. Litsenziya berishda undiriladigan boj BHMning 30 baravariga (11,25 mln so‘m) teng.

Bundan tashqari, korxona har yili litsenziya yig‘imini amalga oshirishi kerak bo‘ladi. To‘lov miqdori ishlab chiqariladigan yoki yetkazib beriladigan elektr energiyasining prognoz hajmidan, shuningdek, muayyan faoliyat turi uchun belgilangan kVt/soatlik tarifdan kelib chiqqan holda hisoblanadi.

Avvalroq “O‘zenergoinspeksiya"ga energiya resurslaridan foydalanishni uzluksiz tekshirishga ruxsat berilgani haqida xabar berilgandi.