“O‘zenergoinspeksiya"ning bergan ma’lumotiga ko‘ra, 2024-yil 1-dekabrdan joriy yil 15-fevralgacha tabiiy gazdan noqonuniy foydalanishga oid 167 ta holat aniqlangan.
Bu orqali 82 mln 158,9 ming kub metr tabiiy gazdan asossiz foydalanilib, davlat manfaatlariga 210 mlrd 428,2 mln so‘mlik zarar yetkazilgan.
Shuningdek, “Hududgazta'minot"ning bergan ma’lumotiga ko‘ra, jamiyat mas’ul xodimlari tomonidan mazkur davrda 6472 ta noqonuniy foydalanish holati aniqlangan.
Ushbu holatlar bo‘yicha 50 mln 890 ming kub metr tabiiy gaz uchun 117 mlrd 300 mln so‘m miqdorida qayta hisob-kitob qilingan.
Qolaversa, shu vaqt oralig‘ida 4942 dona maishiy gaz ballonida 77,8 tonna (36 ming kub metrga teng) hajmdagi suyultirilgan gazning noqonuniy sotilishi oldi olindi.
Noqonuniy foydalanilgan tabiiy gaz hajmi 133 mln 84,9 ming kub metr bo‘lib, bu miqdordagi tabiiy gaz 266 ming 170 ta xonadonning qishki davrdagi bir oylik me’yoriy bazasiga tengdir.
Qolaversa, agar ushbu gaz resurslaridan oqilona foydalanilganida, metan zapravkalar 10 kun davomida uzluksiz ishlash imkoniyatiga ega bo‘lardi.
Avvalroq “Spot” Xorazmda 1,3 mlrd so‘mlik tabiiy gaz talon-toroj qilingani haqida yozgandi.
Xususa, Urganch tumanida avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasi va novvoyxona gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib olgani aniqlangan.