17-fevral kuni o‘lchovli oltin quymalarning narxi yangi rekord ko‘rsatkichga yetdi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.

Bir gramm qimmatbaho metall 1 mln 257 ming 970 so‘mga baholanmoqda. 5 grammlik quyma 6 mln 290 ming so‘mdan sotilmoqda.

Bu yilgi rekord yil boshidan buyon to‘qqizinchisi bo‘ldi. Qimmatbaho metall narxi umumiy hisobda 10,8%ga va o‘tgan yilga nisbatan 49,9%ga qimmatlashdi.

17-yanvardan Markaziy bank 100 gramm og‘irlikdagi o‘lchov quymalarini sotuvga chiqardi. Regulyatorning ta’kidlashicha, bu aholi uchun investitsiya imkoniyatlarini oshiradi.

Regulyator tomonidan oltin quymalari bo‘yicha taqdim qilingan ma’lumotga ko‘ra:

  • 5 gramm o‘lchovli oltin quyma narxi 6 mln 290 ming so‘m;
  • 10 gramm oltin quyma narxi 12 mln 580 ming som;
  • 20 gramm oltin quyma narxi 25 mln 159 ming so‘m;
  • 50 gramm oltin quyma narxi 62 mln 899 ming so‘m;
  • 100 gramm oltin quyma narxi 125 mln 797 ming so‘mni tashkil qiladi.

Oltinning jahon kotirovkalari troya unsiyasi uchun $2900g yaqinlashdi.

Xabar nashr qilinayotgan vaqtda oltinning global narxi 1 troya unsiyasi uchun $2899ni tashkil qildi.

Ekspertlar AQSh prezidenti Donald Trampning yangi bojlar joriy etish va savdo hamkorlari bilan ziddiyatlarni kuchaytirish bilan tahdid qilishi fonida oltin narxining o‘sishi davom etayotganini noaniqlik bilan izohlamoqda.