Shavkat Mirziyoyevning Kuvaytga rasmiy tashrifi doirasida 17-fevral kuni mamlakat Amiri Shayx Mish’al as-Saboh bilan Al-Kuvaytda tor doirada uchrashuv hamda rasmiy delegatsiyalar a’zolari ishtirokida muzokara o‘tkazildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Unda ikki mamlakat o‘rtasidagi sheriklik munosabatlarini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Faol siyosiy muloqotlar va idoralararo almashinuvlar, o‘zaro tovar ayirboshlash va investitsiyalar hajmi oshayotgani ta’kidlandi.
Muloqotda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, innovatsion va moliyaviy-texnik sohalardagi hamkorlik masalalariga e’tibor qaratildi. “Yashil” energetika, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika, infratuzilma, shaharsozlik, sog‘liqni saqlash, turizm sohalari amaliy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilandi.
Qo‘shma loyihalarni ilgari surish maqsadida Investitsiya platformasi va Ishbilarmonlar kengashi kabi mexanizmlarni yo‘lga qo‘yish, Al-Kuvayt shahrida savdo uyini ochish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Yangi sheriklik dasturi doirasida Kuvayt arab iqtisodiy taraqqiyot fondi bilan loyihalar portfelini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi, deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, O‘zbekiston va Kuvaytda madaniyat va turizm haftaliklarini o‘tkazish, ikki mamlakat vakillarining san’at, musiqa, kino, ta’lim va sport sohalaridagi madaniy-gumanitar tadbirlarda ishtirok etishiga ko‘maklashishga kelishildi.
Uchrashuvda BMT, Islom hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Qo‘shilmaslik harakati va boshqa tuzilmalar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish muhimligi qayd etildi.
Joriy yil may oyida Samarqandda o‘tkaziladigan “Markaziy Osiyo — Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” muloqoti sammitiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Kuvayt Amiri Shayx Mish’al as-Saboh keng qamrovli sheriklik munosabatlarini rivojlantirish to‘g‘risida qo‘shma bayonot qabul qildilar. Shuningdek, quyidagi hujjatlar imzolandi:
- Sanoat sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- Havo qatnovi to‘g‘risidagi bitimga bayonnoma;
- Mehnat sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- “Aqlli” shaharlarni barpo etish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- San’at va madaniyat sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- Sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- Turizm sohasida 2025−2027 yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturi;
- Kuvayt arab iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasi bilan hamkorlik to‘g‘risida bitim.
2024-yilning noyabr oyida o‘tkazilgan O‘zbekiston-Kuvayt hukumatlararo komissiyasi yig‘ilishida sanoat kooperatsiyasi dasturi va ikki tomonlama sarmoyaviy shartnomalar to‘g‘risidagi bitimni ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgandi.
Avvalroq O‘zbekiston va Malayziya muhim mineral resurslar sohasida hamkorlik qilishi haqida xabar berilgandi. Tomonlar yuqori sifatli monokristall va polikristall kremniy hamda ultra toza grafit ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxonalar tashkil etishga kelishib oldi.